
Ammo rahbariyat tomonidan etarli e'tibor berilmayotgani natijasida Fayzievga ham oson bo'lmayapti. Garchi oldida bir nechta takliflar turgan bo'lishiga qaramay, “So'g'diyona”da qolib, xolatni ijobiy tomonga o'zgarishidan umidvor bo'layotgan murabbiy bilan so'nggi bor oliy ligada jamoalar soni 16ta bo'lishi e'lon qilingach suhbatlashgandik. Shunda Davron Oripovichning xursandchiligi cheksiz edi. Yangi mavsumga yangi umidlar bilan tayyorgarlik ko'rishni rejalashtirayotganini yashirib o'tirmagandi va imkoniyatdan munosib ravishda foydalanib qolishlari kerakligini juda yaxshi xis etayotgani takidlagandi.
Bugun Fayziev bilan yana bog'landik. O'zaro salom-alikdan keyin, klubga oid savollar bilan murojaat qildim. Shunda murabbiyning tushkun kayfiyatda ekanligini bilish qiyin emasdi. Klubdagi vaziyat haqida hozir gapirishga ojiz ekanligini bildirib. “Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor etar” degan iborani ham qo'shimcha qildi. Murabbiyning aytishicha, jamoa hanuz futbolchilar bilan to'liq hisob-kitob qilmagan.
Bundan tashqari “So'g'diyona”ning dekabr oyida yig'in o'tkazmasligi ma'lum bo'ldi. 3 yanvardan futbolchilarni yig'ish rejalashtirilmoqda. Tabiiyki bundan xabar topgan har qanday futbolchi Jizzax jamoasiga borishga ikkilanib qolishi turgan gap. Chunki kimni ham moddiy qiyinchilikka duch kelgan jamoaga borib o'ynagisi keladi. Albatta bunday vaziyatda murabbiyga qiyin kechadi. Chunki u o'z jamoasida ko'rishni istagan futbolchilarni taklif etishda hijolat chekishi aniq.
Davron Fayziev agarda klubda vaziyat o'zgarmasa do'stona ruhda hayrlashishi ham mumkin. Buni murabbiyning o'zi ham inkor etmadi.
Islombek Rustambekov.