Davron Fayziev: "Ikki taymda ikki xil o'yin ko'rsatdik"

Narzulla Saydullayev
24 mar 2014, 11:00
Olmaliq - So'g'diyona uchrashuvidan keyingi murabbiylar fikrlari.

Igor Shkvirin, Olmaliq bosh murabbiyiJamoam bu yana iroda ko'rsatib g'alaba qozondi. Bevosita o'yinga to'xtaladigan bo'lsam, birinchi taymda o'tgan o'yindagi kabi maydon markazida ko'plab xatolar ko'zga tashlandi. Qanot yarim himoyasi ham deyarli ishlamadi. Ikkinchi taymda hujumkorlikni oshirdik. Natijada, o'yin tempi oshib, xatolar kamaydi va kerakli natijani qo'lga kiritdik. Jamoaviy o'yinni shakllantirib olishimiz uchun yana ishlashda davom etamiz. So'g'diyona jamoasi o'yini manga yoqdi. Davron Fayziev yaxshi jamoa shakllantiryapti. Jamoa shu kabi harakatdan to'xtamasa, o'z oldiga qo'ygan vazifani bajara oladi.


Davron Fayziev, So'g'diyona bosh murabbiyi: Bugun gollarga boy muxlislarga yoqadigan o'yin bo'ldi. Jamoamga keladigan bo'lsak, ikki taymda ikki xil o'yin ko'rsatdik. Eski kasallik mehmonda o'z kuchi va mahoratiga biroz ishonchsizlik bu o'yinda ham o'z ta’sirini o'tkazdi. To'g'rirog'i futbolchilarda tajriba yetishmayapti. Zaxiradan maydonga tushganlar o'yinni kuchaytira olishmadi. 19 mart kuni G'allakor jamoasi bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazgandik. O'sha o'yinda asosiy tarkibdan 4 nafar futbolchimiz jarohat oldi. 29 mart kuni o'z maydonimizda Dinamoga qarshi jiddiy o'yin kutyapti. Shu bois, bugun ularni maydonga tushirib tavakkal qilishni istamadim. Jarohatlarini yangilab olishlari mumkin edi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcsogdiana.uz