

Ammo u shu qadar achchiq hamki, bir paytlar yo'l qo'yilgan kichik bir xato sabab, inson yillar davomida pushaymonlik azobida yonishi mumkin. O'tmish ortda qoldi, deymiz... Biroq u hech qachon izsiz kyetmaydi. Kun kelib o'sha o'tmish eshik qoqadi va qilgan amallarimiz evaziga yo qo'limizga go'zal bir sovg'a tuhfa qiladi, yoki achchiq qalampir tutqazib ketadi.
Milliy futbolimiz tarixini varaqlasak, 17 yil avvalgi bir voqea oldida to'xtamay iloj yo'q. Toshkentning "Bunyodkor" klubi jahon futboli yulduzi Rivaldoni olib kelganida, butun dunyo o'zbek futboli fenomeni haqida gapira boshlagandi. O'shanda "MDHda yangi grand tug'ilmoqda", deya bong urilgan edi.

Inkor etib bo'lmaydi, braziliyalik sehrgarning kelishi o'ziga xos "renessans" bo'ldi: u stadionlarga muxlis degan katta kuchni qaytardi. Toshkent derbisi maqomi dunyo grandlari to'qnashuvidagi shiddatni ko'rsatib berdi. Rivaldoning sovuqqonligi va mahorati yonida milliy terma jamoamizning bo'lajak yulduzlari voyaga etdi, ma'lum bir o'sishga erishdi.
Biroq, bugun o'sha buyuk davrlardan nima qoldi? Bugungi voqelik afsuslanarli darajada farqli. O'sha shov-shuvli, qudratli "Bunyodkor"dan bugun faqat xotiralar va eski suratlar qolgandek. Go'yoki bir paytlar samolarda uchgan "qaldirg'ochlar" bugun o'sha o'zlari yaratgan dabdabali o'tmishning soyasida zaminga uzilib tushgandek ahvolda. Xo'sh, klubni oldinda nimalar kutmoqda? Bu borada O'zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoevga yuzlandik.

"Bu masala ustida bevosita ish olib borgan mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, 2024 yilda "Bunyodkor" va Rivaldo o'rtasida asosiy majburiyatdan 30 foizlik chegirma qilinishi hamda qolgan summani 5 yil davomida bo'lib-bo'lib to'lash bo'yicha kelishuvga erishilgandi. Dastlabki ikki yilda jamoa o'z imkoniyatidan kelib chiqib, mablag'larni o'tkazib berdi. Biroq joriy yilda yuzaga kelgan moliyaviy muammolar fonida "qaldirg'ochlar" bu majburiyatni bajara olmadi.
Shartnomaga ko'ra, mablag'lar 15 aprelga qadar qoplanishi lozim edi. Agar bu sodir bo'lmasa, 1 maygacha qo'shimcha 10 foizlik ustama (shtraf) bilan to'lanishi shart edi. Bu muhlatda ham biror natija bo'lmagach, endilikda klub braziliyalik yulduz oldidagi dastlabki to'liq qarzni to'lashga majbur bo'ladi. Xabaringiz bor, Rivaldoning davo qilayotgan summasi kichik emas. Shu sababli, ayni paytda o'ta ulkan moliyaviy yuk yuzaga keldi. Orada klub futbolchining yuristlaridan 48 soat ichida to'lovni amalga oshirish borasida so'nggi ogohlantirishni ham oldi.
Yakunda Rivaldoning vakillari FIFAga murojaat qilishgani ma'lum bo'ldi. Xalqaro tashkilot "Bunyodkor"ga 30 kunlik muhlat bergan, aks holda jamoaga yozgi va qishki transfer oynalarida taqiq qo'yiladi. Bu qanday ishlashini tushuntirib o'taman: dastlabki ikkita transfer mavsumi klub uchun yopiladi va yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish imkoni bo'lmaydi. Vaziyat o'nglanmasa, navbatdagi jazo sifatida "Bunyodkor"dan ochkolar olib tashlanadi. Mazkur muammoning hal etilmasligi OFK tomonidan o'tkaziladigan licenziyalash talablariga ham to'sqinlik qiladi va klubning professional maqomini yo'qotishiga sabab bo'ladi. Oqibatda jamoa parchalanib, butkul parokandalikka yuz tutishi mumkin.
Hozircha bor ma'lumotlar shundan iborat. Umid qilamizki, klubimiz bu og'ir vaziyatda e'tiborsiz qoldirilmaydi. Masalani ijobiy hal qilish imkoni hali ham bor. O'zbek futboli yuksalish pallasiga kirgan bir vaqtda, bunday yoqimsiz holatlar obro'yimizga aslo bezak bermaydi",- deydi Kamoliddin Murzoev.

Agar bugun "qaldirg'ochlar" qutqarib qolinmasa, ertaga nafaqat bir jamoa yo'q bo'ladi, balki butun boshli futbol akademiyasi, yuzlab yosh istedodlarning kelajagi va o'zbek futbolining xalqaro maydondagi obro'yi oyoqosti bo'ladi. Vaqt soati tiqirlab turibdi. Dabdabali o'tmishning "achchiq qalampiri" klubni butkul kuydirib yubormasidan avval, mutasaddilar tezkor va qatiy qaror qabul qilishlari shart. Zero, tarix kechirimsiz xatolarni suymaydi.



