

Jamoalar bahs o'tkaziladigan kun stadionga bitta mehmonxonadan yo'l olishadi, deya xabar bermoqda Ispaniyaning Sport.es nashri. Ma'lumotlarga ko'ra, bu ishlar jamoalar xavfsizligini taminlash uchun qilinmoqda, chunki shaharda Kataloniya mustaqilligi uchun namoishlar o'tkazilyapti.
Ispan nashri ma'lumoti bo'yicha, o'yin kuni Ernesto Valverde shogirdlari stadionga odatdagidek tashrif buyurishmaydi. Ular kun yarmida "Princesa Sofia" mehmonxonasiga yig'ilib, o'sha yerdan arenaga yo'l olishadi. Mehmonxonada ikki klub vakillariga binoning turli qismlaridan xonalar ajratiladi.


"Real" ham aynan shu mehmonxonadan yo'lga chiqadi. "Princesa Sofia" oteli "Kamp Nou"dan 600 metr uzoqda joylashgan. Bundan tashqari, jamoalar stadionga klub avtobuslarida emas, oddiy - hech qanday yozuvlari bo'lmagan avtobuslarda tashrif buyurishadi.


"Qirollik klubi" Kataloniyaga o'yin kuni uchib boradi, ammo futbolchilarning xavfsizligi to'liq taminlanmasa, futbolchilar samolyotni tark etmasligi haqida ma'lum qilindi.
"Barselona" hamda "Real" o'rtasidagi ushbu bahs aslida 26 oktyabr kuni o'tkazilishi kerak edi, biroq Kataloniyadagi namoyishlar tufayli o'yin 18 dekabrga ko'chirildi.



