Azamat Abduraimov: "Shogirdlarim chempionlik xarakterini ko'rsata olishdi"

18 sen 2013, 09:57
So'nggi safar bellashuvlarida jamoamiz bir g'alaba va mag'lubiyatni qayd etdi. “Spartak” jamoasi bilan bo'lgan o'yinda andijonliklar irodali g'alabaga erishdilar.
 Ana shu o'yin to'g'risida “Andijon” bosh murabbiyi quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Albatta, safarda uch ochkoni qo'lga kiritish har qanday murabbiyni qoniqtiradi. “Spartak”ka qarshi o'yindan har taraflama qoniqish hosil qildim. Shu kuni shogirdlarim chempionlik xarakterini ko'rsata olishdi. Mehmondagi hamma o'yinlar oson o'tmayapti. Ayniqsa, bu biz uchun juda og'ir safar uchrashuvlari edi. “Mashal” bilan bahsda durang adolatli natija bo'lardi. Lekin qo'shimcha daqiqada darvozamizdan to'p o'tkazib yuborib alamli mag'lubiyatga uchradik.
 “Spartak” ham o'z uyida har qanday raqibga munosib qarshilik ko'rsatadigan jamoa edi. Bu jamoaning o'yini menga yoqdi. Birinchi bo'lim teng kurashlar ostida o'tdi deyishim mumkin. Faqat taym oxirida Alisher To'xtasinov jarima maydoni ichida to'pni qo'li bilan o'ynashga majbur bo'ldi. Natijada futbolchimizga qizil kartochka ko'rsatildi va darvozamiz tomon penalti belgilandi. Bu vaziyatda hakam to'g'ri qaror qabul qildi deb hisoblayman. Albatta, maydonda bir o'yinchi kam bo'lib to'p surish oson emas. Shunga qaramay, yigitlar bundan tushkunlikka tushishmadi. Rasul Rahmonov hisobni tenglashishida katta ishni bajardi. Uning zarbasidan so'ngn to'p raqib o'yinchisiga tegib darvozadan joy oldi. Buni avtogol emas Rahmonovni hisobiga yozsa ham bo'laveradi. Ikkinchi golda esa Bahrom Abdurahimov o'zini ko'rsatdi. Umuman olganda, shu kuni maydonga tushgan barcha futbolchilar yaxshi o'yin namoyish etishdi. Maydonda bir kishi kam bo'lib qolgan bo'lsak-da, irodali g'alabaga erisha oldik.

- “Mashal” bilan bo'lgan og'ir o'yindan keyin qisqa vaqtda futbolchilarni tiklash qiyin kechmadimi?
- Albatta, oson bo'lgani yo'q. Ayniqsa, so'nggi soniyalarda to'p o'tkazib mag'lubiyatga uchrash ruhiy jihatdan yomon ta’sir qiladi. “Mashal”ga qarshi o'yindan keyin futbolchilar bilan gaplashib ularning ruhiyatini ko'tarishga harakat qildim. Qolaversa, “Spartak” bilan bahsda tarkibda va taktikada ayrim o'zgarishlarni amalga oshirdik. Eng muhimi, mag'lubiyatni unutib keyingi uchrashuv haqida o'ylash va oldinga intilishda davom etish kerakligini yigitlarga uqtirdim. “Mashal” va “Spartak”ka qarshi hali o'z maydonimizda bo'ladigan o'yinlar turibdi.

Manba: andijon-pfc.uz