APLda javlon urayotgan darvozabon Filippinning OK-2019 uchun yakuniy ro'yxatiga kiritilmadi

Tolibjon Qosimov
29 dek 2018, 12:52
OFK rasmiy sayti Osiyo kubogi-2019da ishtirok etadigan terma jamoalarning yakuniy ro'yxatini e'lon qildi.

Filippin terma jamoasining eng asosiy yulduzi hisoblangan darvozabon Nil Eterij musobaqa uchun yakuniy 23talik ro'yxatga kiritilmadi. Avvalroq, saytimiz orqali uning faqatgina birinchi turda o'ynashi va keyin Britaniyaga qaytib ketishi haqidagi xabarni chop etgan edik. Buni shaxsan Filippin futbol Federatsiyasi prezidenti Mariano Aranetaning o'zi ta'kidlab o'tgandi. Ammo, yakunda "Kardiff" darvozaboni qita birinchiligiga bormaydigan bo'ldi.

"Kardiff" 2019 yilning 1 yanvar kuni "Tottenxem", 5 yanvar - Kubok bahsida "Gillingem", 12 yanvar - "Xaddersfild" va 19 yanvar kuni "Nyukasl"ga qarshi o'yin o'tkazadi.

Ma'lumot uchun, ayni paytga kelib Nil Eterij APLda joriy mavsumda eng ko'p seyv amalga oshirgan uchinchi darvozabon bo'lib turibdi (71ta seyv). Undan oldinda faqat Jo Xart (77ta seyv) va Lukash Fabianski (73ta seyv).

Filippin terma jamoasi tarkibida Osiyo kubogi-2019da ishtirok etadigan darvozabonlar:

1. Natanael Vilyanueva, 25.10.1995
15. Maykl Falkesgaard, 09.04.1991
16. Kevin Ray Xansen, 29.09.1994


Eslatib o'tamiz, Filippin BAAda o'tadigan Osiyo Kubogi "C" guruhida Janubiy Koreya, Xitoy va Qirg'iziston bilan kuch sinashadi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia