Andrey Fyodorov: "Bunday hisoblarni muhokama qilish qiyin"

Mirjalol Normatov
30 may 2018
O'zbekiston Kubogi 1/8 finali doirasida "Lokomotiv" - "Sherdor" (7:0) jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan keyin mezbonlar ustozi Andrey Fyodorov hamda jamoaning uchrashuvdagi eng yaxshi futbolchisi Islom To'xtaxo'jaev o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Bunday hisoblarni muhokama qilish qiyin. Garchi uchrashuvda 7 gol urgan bo'lsak-da, raqiblarning o'yiniga ham yaxshi baho bergan bo'lardim. Bunday uchrashuvlarda har doim hisob ochilmay turgan vaqtida o'zimizdan kuchsizroq bo'lgan raqiblarga qarshi o'ynash qiyin bo'ladi. Raqiblar avvaliga tartibli o'ynashdi. Keyinchalik biz uzun, qisqa to'p oshirishlari orqali darvozaga yo'l topishni uddaladik. Ammo uchrashuv davomida kamchiliklarimizni ko'rdik, ayrim jihatlarimizni kuchaytirib olish kerakligini bilib oldim.

Yangi bosh murabbiy? Ha, men ayni damda bosh murabbiylik vazifasini bajaryapman. Biroq yangi bosh murabbiy borasidagi savolni rahbariyatdagilarga berish kerak.

Nesterov "Metallurg"ga qarshi uchrashuvda jarohat olgandi. Uning elkasidan jarohati bor edi, shu boisdan u bir necha kun mashg'ulotlarda qatnashmadi. Sardor Rashidovning burni qonagan bo'lsa-da, uning yaxshi holatda.

Raqiblar ham yaxshi jamoa ekan. Ularning "Lokomotiv-BFK"ga qarshi o'yinini tomosha qilgandim. Ular bundanda yaxshiroq o'yin ko'rsata olishardi. Jamoaning ayrim jihatlarini bilgan holda, yigitlarni bugungi uchrashuvga tayyorladim. Shu boisdan ham yaxshi o'yin ko'rsata oldik"

Islom To'xtaxo'jaev: "Bunday jamoalar har doim birinchi golgacha o'ynashadi. Jamoada iqtidorli, ishtiyoqli yoshlar ko'p ekan. "Lokomotiv"ga qarshi o'ynash ularga dars bo'ldi deb o'ylayman"


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia