

Kecha Andijon futbol klubi vakillari (rahbariyat, futbolchilar va ishchi xodimlar) Andijanka ayollar jamoasi, klubimiz tasarrufidagi Bolalar va o'smirlar futbol maktabining murabbiylari va yosh futbolchilari bir jamoaga aylanib, oq-oltinimiz bo'lmish paxta-2016 yig'im-terimida bevosita ishtirok etdi.
Milliy terma jamoamizning Eronga qarshi JCH-2018 uchinchi saralash bosqichi 3-tur o'yini tufayli chempionat bahslarida tanaffus e'lon qilingan edi.
Ushbu oraliqda burgutlar paxta yig'im-terimida bo'lib qaytdi.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida joylashgan bo'limlarning birida jamoamiz terimchilari oq-oltinni sifatli terish jarayonida qatnashishdi. Bepoyon dalada klub rahbariyati, futbolchilar va ishchi xodimlar yonma-yon mehnat qilishib, yurtimizning paxta xirmoniga o'z ulushlarini qo'shishdi. Darvoqe, jamoamiz a'zolarining ko'pchiligi shu kuni xayotida ilk bor paxta yig'im-terimiga chiqqan bo'lsada, yakunda natija chakki bo'lmadi.




