Allegrining yangi Yuventusi. Futbolchilar taqdiri nima bo'ladi?

Alisher
11 iyun 2021, 17:38
Yuventus katta o'zgarishlar arafasida turibdi.

Italiya kubogi va superkubogidagi g'alabaga qaramay, jamoa mavsumni muvaffaqiyatsiz o'tkazdi: chempionlik maqomidan mahrum bo'ldi va so'nggi turdagina Chempionlar ligasiga yo'l oldi. 

Turinliklarga omad kulib boqdi: Verona va Ivan Yurich Napolidan ochko olib (1:1), Yevropaning asosiy turnirida ishtirok etish huquqini taqdim etishdi. Keksa Sinora oxirgi marta bunday holatga tushganini eslay olmaymiz. Ushbu muvaffaqqiyatsizlikdan so'ng jamoada o'zgarishlar bo'lishi aniq edi: Andrea Anelli sport direktori Fabio Paratichi va Andrea Pirloni iste'foga chiqardi. Bu hali boshlanishi.

Prezident Mouricio Sarri va Pirloning jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanishi xato ekanligini tan oldi. Klubning so'nggi yillardagi eng muvaffaqqiyatli murabbiyi Massimiliano Allegrini olib keldi. U ikki mavsum dam oldi va jonajon klubi uchun tayyorlab qo'ygan rejalari bo'lishi tabiiy. U qaysi futbolchilarni olib qolishi yoki ketkazib yuborishi mumkinligi haqida so'z yuritamiz.

Qulaylik zonasi

Voycex SHensni: jamoning asosiy darvozaboni. U mavsumni tartibsiz o'tkazdi (A seriyada quruq o'yinlar soni bo'yicha 14-o'rin), ammo Yuventusda unga munosib o'rinbosar yo'q. Albatta, yaqin kelajakda vaziyat o'zgarishi mumkin: Janluiji Donnarumma erkin agent maqomida. Shunga qaramay, Shensni katta ehtimol bilan klubda qoladi.

Mattias de Ligt: Gollandiyalik futbolchi ikki yildan beri Turinda bo'lib turibdi va hanuzgacha yuqori saviyada o'ynamayapti. Ammo Allegri, albatta, undan foydalanadi: Mattiasning salohiyatiga shubha yo'q. Sarribol va Pirloning o'yin uslubida o'zini yaxshi ko'rsata olmadi.

Merix Demiral: yosh va umidli himoyachi. Allegrining kelajak jamoasida unga joy topiladi.

Leonardo Bonuchchi: ashaddiy raqib jamoa safiga o'tib, ortga qaytsa hamki Bonuchchinig kerakli futbolchi ekanligiga hech kimda shubha qolmadi . U haqiqiy lider va kurashuvchan futbolchi.

Jorjo Kellini: Yoshi o'tib borayotgan bo'lsa-da, xuddi Bonuchchi kabi kerakli futbolchi. Farqi, u klubiga sadoqatli.

Danilo: Jamoaga kelganida, Kanseluning o'rnini bosa olmayotgandek tuyulgandi, bu mavsumda esa, barchasi o'zgardi. Yuqori saviyada o'yin ko'rsatgan kam sonli futbolchilardan biri aynan Danilo bo'ldi.

Xuan Kuadrado: jamoaning sadoqatli futbolchilaridan biri. Ronaldu kelganida o'z raqamini berishga-da rozi bo'lib, kamtarona 16-raqamni kiyib olgandi. Hujum va himoyada juda faol va kurashuvchan. Allegriga kerakli futbolchi.

Artur: Pyanich bilan rokirovka qilingan futbolchi yorqin o'yin ko'rsatmadi. Shuning uchundir, Allegri bosniyalikni ortga qaytarishlarini so'radi. Biroq Artur Pyanich bilan markazda yaxshi tandem hosil qilishi mumkin. Hali yosh va o'sishga moyil futbolchi. 

Adrien Rabo: bu mavsum deyarli barcha asosiy o'yinlarda ishtirok etdi va Turinga moslashib ulgurdi. Yarim himoyada istalgan vazifalarni bajara oladi. U avvalgi darajasiga qayta oldi.

Ueston Makkenni: Amerikalik ushbu mavsumning eng ko'zga ko'ringan futbolchilaridan biri bo'ldi va bunga shubha yo'q. Dallas akademiyasi tarbiyalanuvchisi o'zining mehnatsevarligi, aniq va kuchli zarbasi borligi, pas bera olish qobiliyati bilan barchani ajablantira oldi. Yakunda Yuventus uni Shalkedan 18.5 million evroga sotib oldi.

Federiko Keza: Keza Yuventusga Fiorentinadan olib kelindi. Portu, Dinamo Kiev, Milan, Inter, Lacio va Napoliga  qarshi o'yinlardagi samarali harakatlari jurnalistlar va klub muxlislari tomonidan etirof etildi.  Uning lubda qolishi kerakligi kundek ravshan.

Kulusevski: shvetsiyalik futbolchi jamoa uchun ko'p narsalar qilishi aniq. Hali yosh va ikkinchi Dibala bo'lishga da'vogar. 

Paulo Dibala: Paulo Dibala uchun mavsum og'ir o'tdi. Argentinalik ikki marotaba koronavirus bilan kasallandi. U Allegrining o'yin uslubiga mos futbolchi. Massimiliano unga imkoniyat taqdim etadi, albatta. 3-5-2 taktik uslubida, Pauloning kafolatlangan joyi bor.

Alvaro Morata: Massimiliano Allegri ispaniyalik futbolchining Yuventusda qolishini allaqachon e'lon qilgan. 44 ta o'yinda 20 ta gol  va 12 ta golli pas! Moratani yillar davomida tanqid qilishmoqda, ammo unga yaxshi muhit kerak. Allegri markaziy hujumchini juda yaxshi biladi va hali ham uning goleadorligiga shubha yo'q.

Noaniqlik zonasi

Aleks Sandro: Allegri kashf etgan futbolchi, unga kerak bo'lmay qolish ehtimoli yo'q emas. Doimiy va bir xil o'yin uslubi bilan asosiy tarkibga kirish qiyin. 

Janluka Frabotta: Italiyalik Sandro bilan rotaciya qilingan va u ham juda kam o'yin amaliyotiga ega bo'ldi. Unga imkon berilishi kerak.

Xavf zonasi

Karlo Pinsolio: jamoaning 3-darvozaboni. Mavsum davomida 22 daqiqa (!) maydonda harakat qilgan va katta ehtimol bilan yangi jamoada ko'rinish beradi. 

Aaron Remzi: Uelslik bo'shliqlarni to'ldira oladi. Biroq hujumkor yarim himoyachi uchun bu etarli emas.

Krishtianu Ronaldu zonasi

Asosiy savol: Ronalduning kelishi Yuventusni yanada kuchaytirdimi? 

Birinchi mavsumining dastlabki turlarida gol urishga qiynalgan bo'lsa-da, keyinchalik o'zini ko'rsatishni boshladi. YCHL pley-off bosqichlarida jamoani oldinga undadi. Biroq chorak finalda to'xtashga majbur bo'ldi. Keyingi ikki mavsumda esa nimchorak finaldayoq Italiya super klubiga chiqish eshiklari ko'rsatildi. 

Ronaldu klubga kelishidan avval Keksa Sinora futbolchilari A Seriyaning eng yaxshi to'purari bo'lishmaganmidi? A seriya chempionligi, Italiya kubogi va superkubogi qo'lga kiritilmaganmidi? Krishtianu Andrea Anelli orzu qilgan Chempionlar ligasini zabt etish uchun taklif qilindi, ammo jamoa o'rtamiyona Ayaks, Lion va Portu klublariga mag'lub bo'ldi. 

Portugaliyalik futbolchining transferi sabab jamoaning akciyalari qimmatlashdi. Futbolkalar sotuvidan rekord miqdorda daromad ko'rildi. Ammo bularning o'zi uchungina u transfer qilinmagan edi? 

Massimiliano Allegri bosh murabbiy etib tayinlangach, portugalning klubdan ketishi haqida gap-so'zlar tarqala boshladi. 

O'xshaydigan, aslida o'xshamaydigan variant

Krishtianu Ronaldu 2018 yilgi Rossiya mundialidan so'ng shov-shuvli tarzda Realni tark etgandi. Bir necha kundan so'ng, Yevropa chempionati boshlanishidan xabaringiz bor-a? 

Musobaqa yakuniga etgach, boshqa chempionatda paydo bo'lib qolsa, sira ajablanmang.

O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: championat.asia