Aleksandr Zinchenko:Ufa muxlislari hamisha qalbimda qolishadi

Narzulla Saydullayev
17 iyul 2016
O'tgan haftada Rossiyaning Ufa klubi yarim himoyachisi Aleksandr Zinchenko Angliyaning Manchester Siti klubi a'zosiga aylandi.

U shaharliklar bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Ma'lumotlarga qaraganda, manches­terliklar Ukraina terma jamoasi a'zosi hisoblangan futbolchini PSVga ijaraga berishadi. Manchesterga borishi bilanoq Zinchenko Championat.com saytiga intervyu berdi.

- Aleksandr, tabriklarimizni qabul qiling. Ayni paytda nimalarni his qilyapsiz?


- Rahmat. Extiroslar junbushga kelgan. Lekin Angliya klubiga o'tish bilan hammasi tugamadi. Hali oldimda katta mehnat turibdi.

- Ufadan Manchester Sitiga o'tish - bunga ishonish qiyin. Bir tomondan haqiqat, boshqa jihatdan esa, fantastika. Shu fikrga qo'shilasizmi?


- Bu o'rinda ikki xil fikr bo'lishi mumkin emas. Siti jahonning eng kuchli klublaridan biri. Shu jamoa a'zosiga aylanganimdan xursandman. To'g'risi, bugun tug'ilgan kunimdagidan ham ko'proq tabriklar qabul qildim (kuladi).

- Yaqingacha, Siti futbolchilarining o'yinlarini televizor orqali tomosha qilardingiz. Ertaga esa, ular bilan birga mashg'ulotga kirishasiz. Mazkur jamoa o'yinchilaridan eng yoqtirganingiz kim?


- Bu klubdagi har bir futbolchi borasida iliq fikr bildirsa bo'ladi. Chunki ularning barchasi yuqori saviyadagi futbolchilar. Lekin baribir David Silva va Fernandinolarning o'yinlariga qo'proq e'tibor beraman.


- Gvardiola bilan ishlash ajo­yibmi? U haqda qanday fikrdasiz?

- Bir so'z bilan tariflaydigan bo'lsam: u jahoning eng yaxshi murabbiyi. U bilan ishga kirishishni astoydil kutyapman.

- Uning tiki-takasi haqida qanday fikrdasiz? Bunday futbolga moslasha olishingizga ishonasizmi?


- Umid qilamanki, ha. Umuman olganda, menga shunday o'yin uslubi yoqadi.

- Baribir qandaydir hadiksirash bormi? Har holda shunday mashhur murabbiy bilan ishlaysiz...

- Hech qanday xadiksirash yo'q. Aksincha, jamoa bilan tanishishni intizorlik bilan kutyapman.

- Ingliz tili borasidagi bilimlaringiz qanday?


- O'z fikrimni tushuntira olaman. Lekin hali ko'p o'rganishim kerak. O'qishim shart. Busiz bo'lmaydi.

- Yangi mavsumdagi maqsadlaringiz...


- Asosiysi, yangi jamoa, yangi sharoitlarga moslashib olish. Albatta, plankani ham maksimal balandlikka qo'yaman.

- Matbuotda agentlaringiz haqida ko'p gap-so'z bo'ldi. Ayrimlari intervyu ham berishdi. Umuman olganda, nechta agentingiz bor?


- Ikki nafar. Yuriy Gavrilov va uning yordamchisi Anatoliy Patuk. U yuridik masalalar bilan shug'ullanadi. Boshqalarning esa, menga, umuman, aloqasi yo'q. Shuni alohida aytishim mumkin, shartnoma imzolayotganimda Anatoliy men bilan birga bo'ldi.


- Aytishlaricha, kelishuvingiz detallarini ikki oy muhokama qilishgan. Bu Yevropa chempionati paytida xalaqit bermadimi?

- Umuman, bu vaqtda mening bor e'tiborim Ukraina terma jamoasi o'yinlariga qaratilgandi.

- Kyetish oldidan Ufa muxlislariga tilaklaringiz. Ular sizga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishgan...


- Bu ayni haqiqat. Ufa jamoasining barcha muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Ular meni yaxshi ko'rishardi. Shu bois ham hamisha qalbimda qolishadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: Интерфутбол газетаси