"Al-Fath" bosh murabbiyi: "Futbol yerda va oyoqlarda o'ynaladi"

Narzulla Saydullayev
24 fev 2014, 23:23
“Al-Fath” – “Bunyodkor” uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ishtirok etishdi.

Dastavval “Al-Fath” bosh murabbiyi so'z oldi.

- Nufuzli musobaqa ostonasida turibmiz. Saudiya Arabistoni chempionatining so'nggi turlarida qoniqarsiz natijalar qayd etdik. Endi bor e'tiborimizni Osiyo Chempionlar ligasi bahslariga qaratamiz. Muxlislarimiz ishonchini aynan xalqaro turnir orqali qaytarishga urinib ko'ramiz. Qo'l ostimda juda mahoratli futbolchilardan tashkil topgan ahil jamoa bor. Ular bilan katta yutuqlarni qo'lga kiritish mumkin.

“Bunyodkor” haqida bilganlarimiz shuki, ular mavsumoldi yig'inlar davomida bir necha o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazishdi. O'tgan mavsum bo'yicha O'zbekiston chempioni.

“Bunyodkor”ning aksariyat futbolchilari bo'ydor va jismonan baquvvat sanalishadi. Biroq bu bizni cho'chitmaydi. Chunki futbol yerda va oyoqlarda o'ynaladi.

Ob-havo harorati ko'proq raqib zarariga ishlasa kerak. Chunki O'zbekistonda hozir qish fasli hukmronlik qilyapti. Lekin bu holati aytarli tashvish tug'dirmaydi, - deydi Al-Fath bosh murabbiyi Fazi Al-Jabal.

Keyin "Al-Fath" sardori Hamdan Al-Hamdan o'yinoldi fikrlarini bildirib o'tdi.

- “Bunyodkor” kuchli tarkibga ega ekanligini yaxshi bilamiz. Har qanday holatda ham uch ochkoni o'zimizda olib qolishga harakat qilamiz. Osiyo Chempionlar ligasi startidagi g'alaba bizga juda muhim. Boisi agarda buni uddalay olsak, ishlarimiz yurishib ketadi, - deydi “Al-Fath” a'zosi Hamdan Al-Hamdan. 

Bahodir MIRZAEV
Al-Hasa, Saudiya Arabistoni


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com