Abbos Shodmonov: “Har bir bahsda ishqibozlarni xursand qilmoqchimiz”

Narzulla Saydullayev
15 fev 2020
Joriy yilda kuchlilar safiga qaytgan Muborakning “Mashal” jamoasi, qishki transferlar oynasi vaqtida tarkibini kuchaytirmoqda.

Xususan, “Bunyodkor” o'rinbosarlaridan Jahongir Abdusalomov, “Paxtakor”dan Bobur Asqarov taklif etildi. Shuningdek, o'tgan mavsumni “Dinamo”da o'tkazgan Abbos Shodmonov ham muborakliklar bilan yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Tajribali futbolchi bugun o'tkazilgan “Lokomotiv”ga qarshi nazorat bahsidan so'ng fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

“Qizg'in ruhda hozirlik olib bormoqdamiz. Barcha jamoalar qatori o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazyapmiz. Asosan, sport formasiga va jamoaviy o'yinni tezroq yo'lga qo'yib olishga e'tibor qaratyapmiz. Hech kim Superligada jon saqlab qolish uchun yoki oxirgi o'rinlarni egallash uchun qatnashmaydi. Barcha, iloji boricha tepa pog'onalarni ko'zlaydi. Biz ham yaxshi niyatlar bilan mavsumni boshlash arafasidamiz. Tarkibda iqtidorli va kuchli ishtiyoqga ega yoshlar ko'p. Albatta, Superliga havosidan nafas olgan, kuchli o'yinchilar yo'q emas. Ahil oila bo'lib, yagona maqsad ostida birlasha olsak o'ylaymanki, maqsadimizga erishamiz. Har bir uchrashuvda muxlislarimizni xursand qilishga borimizni beramiz”,- dedi futbolchi.


Abdulaziz Iskandarov yozib oldi



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia