Farg'ona viloyati futbol klublari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Sherzod Nurmatov
29 dek 2026, 15:41
Bugun Farg'ona viloyati futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Farg'ona davlat universiteti anjumanlar zalida viloyat futbol klublari vakillari ishtirokida maxsus uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda "Neftchi" futbol akademiyasi, shuningdek futbol klublari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Jarayonda Farg'ona futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Nosir Otaqo'ziev, Farg'ona davlat universiteti rektori, "FarDU" futbol klubi prezidenti Bahodirjon Shermuhammadov, "Neftchi" futbol akademiyasi direktori Igor Ximich, shuningdek, "Cementchi" va "Yaypan" klublari rahbariyati vakillari ishtirok etdilar.

Memorandumdan ko'zlangan maqsad viloyatda futbolni rivojlantirish, futbol birdamligini oshirish, o'zaro tajriba almashish, musobaqalar tashkilotchiligi, murabbiylar malakasini oshirish bilan bog'liq masalalarni o'z ichiga oladi. Viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Nosir Otaqo'ziev viloyatda futbolni rivojlantirish, ayniqsa, terma jamoalarga foyda keltiradigan iqtidorli futbolchilarni tarbiyalab etkazib berish, futbol klublarini tizimli ravishda shakllantirish muhim ekanligini etirof etdi.

"So'nggi yillarda Yangi O'zbekistonda futbol sport turiga bo'lgan e'tibor sezilarli darajada kuchaydi" - deydi Farg'ona davlat universiteti rektori, "FarDU" futbol klubi prezidenti Bahodirjon Shermuhammadov. "Biz universitet qoshida "FarDU" klubini tashkil etganimizda Respublikamiz va viloyatimiz futbol tizimidagi barcha mutasaddilar bizni bevosita qo'llab-quvvatlashdi. Mana hozirda Farg'ona davlat universitetida futbol sport turi bo'yicha alohida talim yo'nalishini ochdik. "FarDU" futbol klubi sport tamoyillariga asoslangan holda qisqa fursat ichida bosqichma-bosqich O'zbekiston Pro-ligasiga qadar yetib keldi. Maqsadimiz, kelgusida universitet futbol jamoasini Superliga darajasiga olib chiqish, xalqaro maydonlarda ishtirok etishga qaratilgan. Bularning barchasi universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun. Bugun imzolangan hamkorlik memorandumi viloyat futbol klublari o'rtasidagi ahillikni yanada mustahkamlaydi", – dedi oliygoh rektori.

Shuningdek, jarayon davomida so'zga chiqqan "Neftchi" futbol akademiyasi direktori Igor Ximich, shuningdek, "Cementchi" va "Yaypan" klublari rahbariyati vakillari viloyatda futbolni tizimli tarzda rivojlantirish uchun shu kabi hamkorlik dasturlari muhim ekanligini ta'kidladilar. O'z navbatida, uchrashuv davomida viloyat futboliga oid qator masalalar ham ko'rib chiqildi.


Bekzod Tolibov, Farg'ona shahridan Championat.asia uchun maxsus

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia