

Eron U23 terma jamoasi futbolchilari Parij Olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritsa, harbiy xizmatdan ozod qilinadi. Bu haqda terma jamoa rahbariyati vakillaridan biri Mehran Farkani "Uchinchi" kanal bilan suhbatda ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, Olimpiya o'yinlarida ishtirok etish mamlakat futbolining uzoq yillik orzusini ro'yobga chiqishiga sabab bo'ladi. Biroq buning uchun jamoa bosib o'tishi kerak bo'lgan ancha yo'l bor. Parijdagi musobaqada Osiyo uchun 3 ta to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma ajratilgan. To'rtinchi yo'llanma esa pley-offda o'ynaladi.
Eslatib o'tamiz, Eron U23 terma jamoasi Osiyo kubogi saralash bosqichida O'zbekiston, Afg'oniston va Hong Kong bilan bir guruhdan joy olgan. Guruh bosqichi g'oliblari va eng yaxshi natija qayd etgan to'rtta terma jamoa qita turnirida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritadi.



