2014 yilda “Bunyodkor”dan kutilayotgan yubiley statistikalar

Narzulla Saydullayev
14 fev 2014, 11:29
Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi 2014 yilgi ilk rasmiy uchrashuvini 25 fevral kuni o'tkazadi.
“Qaldirg'ochlar” joriy yilgi mavsumga Osiyo Chempionlar ligasi uchrashuvi orqali kirib borishadi. “Bunyodkor” ilk uchrashuvini Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni “Al-Fateh” klubi bilan mehmonda o'tkazadi. Mavsum startiga oz fursat qolganida Siz azizlarning e'tiboringizga “qaldirg'ochlar”dan 2014 yilda kutilayotgan qiziqarli statistik ma'lumotlarni havola etishni lozim topdik. Zero, quyidagi raqamlar nafaqat muxlislarni, balki ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan hamkasblarimizni ham befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

- Mirjalol Qosimov “qaldirg'ochlar”ni rasman 200-marta bosh murabbiy sifatida maydonga olib chiqishi mumkin. Hozircha Mirjalol Qo'shoqovich “Bunyodkor”ning rasmiy uchrashuvlarida 183 marotaba bosh murabbiylik qilgan.

- Sahob Jo'raev va Xayrulla Karimov “Bunyodkor” safidagi yubiley 200-uchrashuvini o'tkazishi mumkin. 2014 yilgi mavsum oldidan Jo'raev “qaldirg'ochlar”ning rasmiy 169ta, Karimov esa 167ta o'yinida ishtirok etgan.

- O'ng qanot himoyachisi Akmal Shorahmedov esa 100-o'yiniga yaqin turibdi. Uning hisobida hozircha 96ta rasmiy bahs bor. Shuningdek, Bahodir Pardaevning bu yilgi ilk o'yini uning “Bunyodkor” safidagi 50-uchrashuviga aylanadi.

- 28 aprel sanasida bo'lib o'tadigan oliy liga 6-turi doirasidagi “Buxoro” – “Bunyodkor” uchrashuvida “qaldirg'ochlar” o'zlarining chempionatdagi 200-uchrashuvini o'tkazishadi.

- “Bunyodkor”ning chempionatdagi g'alabalari soni hozircha roppa-rosa 150tani, duranglar esa 30tani tashkil etmoqda. Mag'lubiyatlar soni esa 14ta.

- “Bunyodkor” oliy liga bahslari doirasida raqiblari darvozasiga 419ta to'p kiritib, o'z postidan 95ta gol qo'yib yuborgan.

- Oliy ligada qo'lga kiritiladigan dastlabki 20 ochkodan so'ng “Bunyodkor” 500lik marrani zabt etadi. “Qaldirg'ochlar” hisobida hozircha 480 ochko bor.

- “Bunyodkor” O'zbekiston kubogi doirasida o'zining 50-uchrashuvini o'tkazadi. Toshkentliklar bungacha mamlakat kubogi uchrashuvlarida 48ta o'yinda ishtirok etishgan.

- “Qaldirg'ochlar” hisobida O'zbekiston kubogi uchrashuvlarida 38ta g'alaba, 7ta durang va 3ta mag'lubiyat bor. To'plar farqi – 102:23. Umumiy jamg'arilgan ochkolari soni 121ta.

- Osiyo Chempionlar ligasida “Bunyodkor” 52ta uchrashuvda maydonga tushib, 22ta g'alaba, 15ta durang va shuncha mag'lubiyat qayd etgan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com