"Real"ga "yo'q" degan top-10 futbolchi

Mirjalol Normatov
27 avg 2018, 23:41
"Real" har doim o'z tarkibiga dunyoning eng kuchli futbolchilarini qo'shib olishga harakat qiladi.

Ammo bu borada "qirollik klubi"da ham ko'plab omadsizliklar bo'lgan. Misol uchun, shunday top-futbolchilar ushbu jamoa tarkibida o'ynashga rad javobini bergan.

STIVEN JERRARD

"Liverpul"ning afsonaviy futbolchisi, hozirda "Reynjers" bosh murabbiyi "Santyago Bernabeu"da o'ynashni istamagan. Unda ikki marta "Real" futbolchisi bo'lish imkoniyati bor edi, biroq madridliklar ikki bora yarim himoyachidan rad javobini olgan. 2003 yilda "Liverpul" va "Real" bu borada kelishib olishgandi ham. Ammo o'rtada mablag' muammo bo'lgani uchun transfer amalga oshmagandi.

VISENTE RODRIGES

"Valensiya" vingeri bir vaqtlar o'z poziciyasining eng yaxshilaridan biri edi. "Real" "ko'rshapalakka" taklif bilan chiqqan, biroq rad javobini olgandi. Visentening faoliyati bundan-da yaxshi bo'lishi mumkin edi. Ammo u ko'plab jarohatlar olgani uchun mashhur bo'lib keta olmadi.

PATRIK VIEYRA

Arsen Vengerning sevimlisi 2004 yilda "Real"ga ko'chib o'tishi mumkin edi. Klublar Vieyraning transferini kelishib olishga ham ulgurgandi. Biroq futbolchi Londonda qolishni istagan. Patrik - "Arsenal" tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo'lib qoldi.

DAVID VILYA

"Valensiya"da o'ynab yurgan vaqtlarida, aniqrog'i, 2008 yilda Vilyaga "Real" anchagina yaxshi shartnoma taklif qilgandi. Biroq noma'lum sabablar tufayli transfer ishlari to'xtab qolgandi. Bundan "Barselona" unumli foydalandi va uni o'z safiga qo'shib oldi. Vilya keyinchalik "Atletiko"da ham faoliyat olib bordi.

OSKAR

Braziliyalik 6 yil avval "Chelsi" bilan shartnoma imzoladi. 2013 yilgi intervyusida u "Real" tomonidan qiziqishlar bo'lganini ma'lum qildi. Oskar "Real"da zaxirada o'tirib qolishidan qo'rqib, taklifga rad javobini bergan. Unga shaxsan Joze Mourinyoning o'zi "qaymoqranglilar"ga taklif qilgandi.

DAVID SILVA

"Manchester Siti"ning eng yaxshi futbolchilaridan biri 2012 yilda "Real"da ko'rinish berishi mumkin edi. O'shanda unga "Barselona" ham xaridor bo'lgan. Biroq ispaniyalik futbolchi "shaharliklar" tarkibida qolishni istadi. Ayni damda ham Silva - Yevropaning eng yaxshi xavbeklaridan biri.

SHINJI KAGAVA

"Borussiya" futbolchisi ham Oskar kabi "Real"dagi faoliyatidan qo'rqqan. Aynan shu sababli yaponiyalik "Bernabeu"ga ko'chib o'tishni istamagan. Shundan keyin Shinji "Manchester Yunayted"da to'p surdi. Biroq shunda ham u o'zining eng yuqori saviyasini namoyish qila olmadi.

RAMIRES

2013 yilda "Real" vakillari qo'ng'iroq qilganida, futbolchi ko'p ham o'ylamagan. U "qaymoqranglilar"ga rad javobini bergan. Ramires "Chelsi" tarkibida ajoyib o'yin namoyish qildi. YCHLning yarim finalida "Barselona" maydonida urgan goli esa faoliyatidagi eng muhimi bo'ldi.

LUIS SUARES

U o'zining "Liverpul"dagi o'yinlari tufayli Ispaniyaning grandlari nazariga tushdi. "Real" ham, "Barselona" ham urugvaylik futbolchi bilan bog'langandi. Mersisayddan ketish arafasida u "Barselona"da o'ynash bolaligidan orzusi bo'lganligi uchun "Kamp Nou"ga ketayotganini ma'lum qildi.

POL POGBA

Pogba "Manchester Yunayted"ga qaytishni, Joze Mourinyo bilan birga ishlashni istadi. Ikki yil oldin ushbu ikki insonning munosabatlari hozirgidan yaxshiroq edi. Ammo shunday bo'lsa ham, Pogba "Real"ga rad javobini berdi. Hatto "Barselona" tarkibida o'ynashni ham istamadi.

Mirjalol Normatov tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: footballhd.ru