Otabek Narzullaev: “Biz keyingi bosqich o'yinlarga yanada yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz”

Narzulla Saydullayev
8 sen 2022, 12:18
Pro liga 16-turining qoldirilgan “Mashal” – “Andijon” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar murabbiyi Otabek Narzullaev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

O'yin haqida
- Mazkur o'yinda g'alaba qozonishimiz kerak edi. Mashg'ulotlarda raqib qanday o'yin ko'rsatishini bilgan holda tayyorgarlik ko'rdik. To'g'risi, jamoaga omad yetishmadi. Ko'plab imkoniyatlarga ega bo'ldik. Shunday bo'lsa-da, yigitlarga minnatdorchilik bildiramiz. Bizda yaxshi futbolchilar yig'ilgan. Nazarimda, jamoamizga ozroq ishonch yetishmayapti. Bazida qandaydir qo'rquv bilan maydonga chiqyapmiz.

- “Mashal” Superligaga chiqishdan umid uzdimi??
- Men bunday fikrga qo'shilmayman. Keyingi bosqichga jamoamiz boshqacha tayyorgarlik ko'radi. Jamoaning asosiy maqsadi, har bir o'yinda muvaffaqiyat qozonish. Balki jamoa pley-off bahslarida 3-o'rinni qo'lga kiritgan holda Superligaga chiqishi mumkin. Futbolda oldindan hech nima deb bo'lmaydi. Yigitlar o'zlariga bo'lgan ishonchni qaytarib olsa, o'ylaymanki, biz vazifani bajara olamiz.



- Jamoangiz bugun jismoniy tomonlama raqibga yutqazib qo'ydimi?
- O'ylaymanki, biz “Andijon”ga qarshi o'yinda jismoniy tomonlama yutqazganimiz yo'q. Jumladan, “So'g'diyona” bilan kubok bahsida ham ularga bu borada yutqazmadik. Oxirigacha kurashdik.

- Sizningcha, Pro ligadagi eng kuchli jamoa?
- Menimcha, Pro ligada kuchsiz jamoa umuman yo'q. Hammasi kuchli. Birortasini osonlikcha yuta olmayapmiz. Bir so'z bilan aytganda, Pro ligada kuchli yoki kuchsiz jamoaning o'zi yo'q. Hammada birdek kuch mavjud.

- “Mashal”ning qarzorligi bormi?
- Bu borada hech qanday qarzdorlik yo'q. Klubimiz sentyabr oyigacha bo'lgan barcha maosh va mukofot pullarini bergan. Buning uchun homiylarga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Umuman olganda, tashkiliy masalalarda ham hammasi joyida.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia