"Neftchi" "Istiqlol" stadionini translyatsiya uchun integraciyalashgan kabellashtirish yuzasidan birinchilardan bo'lib shartnoma imzoladi

Mirjalol Normatov
5 fev 2026, 23:35
Toshkentdagi "Bunyodkor" hamda Olimpiya shaharchasida joylashgan stadionlarni inobatga olmasa, respublikaning qolgan katta futbol arenalaridagi eng katta muammolardan biri integraciyalashgan kabellashtirish tizimining mavjud emasligi hisoblanadi.

Stadiondagi mavjud barcha kamera platformalarini SMPTE 311:2009 standartiga mos keladigan gibrid elektr va optik kabellar bilan taminlash va ulanishlarni yagona patchroom orqali markazlashtirish tizimi translyatsiya sifatini yaxshilashda muhim omillardan biri hisoblanadi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi “O'zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 262-sonli qarori asosida, endilikda Superliga stadionlarida alohida VAR boshqaruv xonasi tashkil etilmoqda. Assotsiatsiya va Liga avvalroq buni Termiz va Xorazm stadionlarida sinovdan o'tkazgan bo'lib, 2026 yilgi mavsumdan e'tiboran barcha stadionlar Milliy futbol markazi bilan bevosita bog'lanishi rejalashtirilgan. Shuning barobarida, translyatsiyalar sifatini yaxshilash va bu bilan VAR markazi uchun sifatli tasvirlarni uzatishga erishish uchun Superliga stadionlarida integraciyalashgan kabellashtirish tizimi ishga tushishi ko'zda tutilgan.  

Ko'chma televizion stansiyalar FIFA va OFK talablariga to'liq mos holda faoliyat olib borishini muvofiqlashtirish uchun Prezident qarori asosida texnik talab ishlab chiqilgan bo'lib, ayni vaqtda futbol klublari stadionlarni unga moslashtirish masalasida tegishli kompaniyalar bilan muzokara olib bormoqda. 

Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov tashabbusi bilan "Istiqlol" stadionida integraciyalashgan kabellashtirish tizimini joriy qilish bo'yicha bugun tegishli kompaniya bilan shartnoma imzolandi. Shu tariqa, farg'onaliklar Superliga klublari orasida mazkur talabni bajarish yo'lida amaliy qadam qo'ygan ilk jamoaga aylandi. Ma'lumki, joriy mavsum "Neftchi" OFK Chempionlar ligasi Elit musobaqasida mamlakat sharafini himoya qiladi. Shundan kelib chiqqan holda Farg'onada "Istiqlol" stadionini xalqaro musobaqalarga moslashtirish ishlari olib borilmoqda. 

"Neftchi" klubi 2025 yilgi mavsum chempionligini qo'lga kiritgan kunda "Istiqlol" stadioni yilning eng yaxshi stadioni sovrinini qabul qilib olgandi. Shundan keyin ham stadionni zamonaviy talablarga moslashtirish ustida ish olib borilayotgani Liga tomonidan etirof etiladi.

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: pfl.uz