Lissabon sari yo'l: Bugun “Real”ning finaldagi raqibi aniqlanadi

Narzulla Saydullayev
30 apr 2014, 16:46
London. “Fulxem” daxasi. Buning bugungi YCHL o'yiniga qanday aloqasi bor deb o'ylayapsizmi?
Gap shundaki, “Chelsi” o'z o'yinlarini o'tkazadigan “Stemford Bridj” stadionida aynan “Fulxem” dahasida joylashgan. Bu stadionda esa Yevropa Chempionlar ligasida yarim finalning ikkinchi juftligi javob bahsi bo'lib o'tadi. Unda “Chelsi” Madridning “Atletiko” klubini qabul qiladi.

Kecha Ronaldu, Koentrau va Pepe Portugaliya poytaxti Lissabonda joylashgan “Estadio da Luj” stadionida bo'ladigan finalga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Bugungi yarim finaldan keyin ham portugaliyalik inson finalga chiqadi. Bu “Chelsi”dan Joze Mourinyo yoki “Atletiko” Tyagu Mendesh bo'lishi mumkin.

Birinchi o'yinda qayd etilgan golsiz durang har ikki jamoadan yanada hushyorlikni talab qilishi, shubhasiz. Chunki mezbonlar darvozasidan gol o'tkazib yuborsa, bunga kamida 2ta to'p bilan javob berishlari talab etiladi. Mehmonlar shunday holga tushishsa, unda “Chelsi”ning qarshiligini engish juda qiyin bo'ladi.

Londonliklar APLda “Liverpul"ga qarshi uchrashuvda zaxira futbolchilariga imkoniyat berishdi. “Atletiko” esa la ligada chempionlik uchun kurashayotgani sababli asosiy o'yinchilarga dam bermayapti. Azar va Eto`O jarohat sababli dastlabki daqiqalardan maydonga tushmasligi mumkin.

Bunday holatda Azarning o'rnini Shyurrle egallaydi. Hujumchilar borasida Mourinyo Torresga ishonch bildirsa kerak. Terri safga qaytib ulgurdi, Chexning jarohati jiddiy va Shvarcer asosiy tarkibda o'ynaydi. Portugaliyalik mutaxassis Azarning dastlabki daqiqalardan harakat qilishi borasida bir qarorga kelishi lozim.

Eden jarohatini davolatdi, lekin hozircha faqat mashg'ulotlarda ishtirok etdi. Lempard va Mikel sariq kartochkalar tufayli maydonga tushmaydi. Demak, bugun Mourinyo tarkibdagi muammolarni hal qilishi kerak. Uning vaziyatdan qanday chiqib ketishini kuzatish hamisha qiziqarli.

Diego Simeone esa faqat diskvalifikaciyaga uchragan Gabining xizmatidan foydalanmaydi. U tarkibda keskin o'zgarishlar qilmasligi kutilmoqda. Madridliklar doimgidek standart vaziyatlar va qarshi hujumlarga e'tibor qaratishadi. O'z navbatida "Chelsi"dan ham shunday o'yin kutish mumkin. Bu bellashuvda birinchi gol juda ko'p narsani o'zgartirib yuborishi tabiiy.

CHELSI – ATLETIKO  

Bugun. 23:45. London. “Stemford Bridj” stadioni.

Bosh hakam: Nikola Riccoli (Italiya).

Taxminiy tarkiblar

“Chelsi”: Shvarcer – Ivanovich, Keyxill, Terri, Aspilikueta – David Luis, Ramires – Shyurrle, Oskar, Villian – Torres.

“Atletiko”: Kurtua – Xuanfran, Miranda, Godin, Filipe Luis – Raul Garsiya, Tyagu, Mario Suares, Koke – Diego Kosta, Vilya.

Jarohatlangan: Chex (“Chelsi”).

Diskvalifikaciya: Lempard, Mikel – Gabi

Manba. olamsport.com


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: olamsport.com