O'zbekistonning 19 ta klubi OFK licenziyalashidan muvaffaqiyatli o'tdi

Aslanov Jasurbek
8 iyun 2026, 20:27
Osiyo futbol konfederatsiyasi 2026-2027-yilgi mavsumda licenziyalash tekshiruvlari natijasida klublar miqyosidagi qitaviy musobaqalarda ishtirok etishga layoqatli deb topilgan klublar ro'yxatini e'lon qildi.

Joriy yilgi licenziyalash mavsumi natijalariga ko'ra, O'zbekistonning 19 ta klubi OFK licenziyalashidan muvaffaqiyatli o'tib, professional klub maqomini oldi. Ahamiyatlisi, joriy yilga natijalarga ko'ra, Superliganing barcha jamoalari, shuningdek, Proliganing uch klubi - Aral, Metallurg hamda Sho'rtan licenziyaga ega chiqdi. Bular orasidan Qoraqalpog'istonning Aral klubi o'z tarixida ilk bor licenziatga aylandi.

Konfederatsiya taqdim etgan ma'lumotga asosan, O'zbekiston va Qatar licenziatlar soni bo'yicha qitada yetakchi bo'lib turibdi - 19 tadan. Saudiya Arabistonining esa 18 ta licenziat bilan keyingi o'rinda licenziyalash mavsumini yakunladi.

Takidlash joizki, klublarimizning OFK licenziyalashidagi faol ishtiroki nafaqat ulardagi infratuzilma, kadrlari siyosati, yuridik va buxgalteriya ishlarining to'g'ri yo'lga qo'yilishiga, balki barcha klublarimizning qita miqyosidagi musobaqalarga shay holatda bo'lishlarini taminlamoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida OFK Professional futbol qo'mitasi tomonidan qabul qilingan hamda OFK Ijroiya qo'mitasi tomonidan tasdiqlangan OFK Elit Chempionlar Ligasining kengaytirilishi natijasida O'zbekiston uchun ajratilgan kvotalar soni yana bittaga ko'payib, Nasaf klubi ham kelgusi mavsumdan xalqaro maydonda ishtirok etishi oydinlashdi. Klub licenziyalash mavsumiga bee'tibor bo'lmagani natijasida ularning musobaqadagi ishtirokiga licenziyalash masalasi to'g'anoq bo'lmayapti.

Ma'lumki, OFK licenziyalash dasturi futbol klublarining aniq modelini belgilab bergan hamda bu jarayonda bir qator o'zgarmas modellarga tayanadi. Biroq so'nggi yillarda milliy ligalarimizda FarDU, BuxDU va TerDU kabi universitet jamoalari, Olimpik Mobiuz hamda Respublika FA singari davlat miqyosida yoshlar futbolini rivojlantirishga yo'naltirilgan maxsus loyihalar, shuningdek, G'azalkent va Kattaqo'rg'on kabi xususiy klublar ham faoliyat olib bormoqda. Ushbu klublardan bazilari yangi tashkil etilgani vajidan OFK licenziyasiga ega chiqa olmayotgan bo'lsa, bazilari tuzilish shakli tufayli amaldagi reglamentga ko'ra bunday licenziyani ololmaydi. Shularni inobatga olgan holda, Liga ayni vaqtda mazkur klublarning infratuzilma bilan bog'liq bir qator asosiy yo'nalishlarini o'rganib bormoqda va ular ushbu tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o'tgan taqdirda, yil yakuniga qadar professional klub maqomini olgan klublar soni yana bir nechtaga ko'payishi mumkin.

Shu o'rinda, Liga OFK licenziatiga aylangan klublarimizni samimiy qutlab, kelgusi mavsumlarda bunday klublarimiz soni yanada oshishiga umid bildiradi.

90b23c58-7665-4a3b-92e7-82cc5592cb23-d0494004-0b9b-45d8-9947-5f5cea62b607.jpg

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: pfl.uz