Indoneziyada O'zbekiston sport delegaciyasi ishchi guruhining dastlabki yig'ilishi o'tkazildi

Narzulla Saydullayev
16 avg 2018, 11:34
Xabar berib o'tganimizdek, O'zbekiston sport delegaciyasi a'zolari birin-ketin Osiyo o'yinlarida ishtirok etish uchun Indoneziyaga yetib kelishmoqda.

Hozirga qadar futbol, ot sporti, tennis, penchak silat, baydarka va kanoeda eshkak eshish, slalomda eshkak eshish, boks, qilichbozlik, engil atletika bo'yicha terma jamoalarimiz Indoneziyaga yetib kelib bo'lishdi.
 
Bugun Olimpiya shaharchasidagi O'zbekiston sport delegaciyasi ishchi guruhi uchun ajratilgan shtabda yuqorida sanab o'tilgan sport federatsiyalari rahbarlari, shuningdek, ishchi guruhi a'zolari ishtirokida yig'ilish tashkil qilindi. Uni MOQ rahbari Umid Ahmadjonov olib bordi. Yig'ilish davomida sportchilarimiz uchun Olimpiya shaharchasida yaratilgan sharoitlar, ularning Osiyo o'yinlaridagi imkoniyatlari, tashkiliy ishlarni tezkor va sifatli olib borish, qolaversa sportchilar kayfiyatini ko'tarish, ularni g'alabalar sari ruxlantirish masalalari muhokama qilindi.
 
Shuningdek, Umid Ahmadjonov ham Jakarta, ham Palembang shaharlarida faoliyat ko'rsatadigan shtab faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha ishchi guruhga tegishli ko'rsatmalarni berdi.
 
Eslatib o'tamiz, bugun Olimpiya shaharchasida O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i ko'tariladi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi esa 18 avgust kuni Gelora Bung Karno Stadiumda bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz