“Bunyodkor-A”ning g'alabali yurishi davom etadi

Narzulla Saydullayev
29 avg 2013, 19:49
28 avgust kuni Toshkent shahar futbol maktablari o'rtasida bo'lib o'tayotgan shahar birinchiligining 2-davra 2-tur uchrashuvlariga start berildi.
Akademiyamizning ikki jamoasi – ”Bunyodkor-A” va ”Bunyodkor-B” bu turda o'zaro to'qnash kelishdi. E'tiborli jihati shundaki, ”Bunyodkor-A”ning barcha yosh toifasidagi tarbiyalanuvchilari  ”Bunyodkor-B”dan ustun kelishdi.

Dastlab maydonda har ikki jamoaning 1996-1997 yilda tug'ilgan tarbiyalanuvchilari saf tortishdi. O'yin teng kurashlar ostida boshlangan bo'lsa-da, golli vaziyatlarni yaratish bo'yicha ”Bunyodkor-A” ustunlik qildi. Natijada qiziqarli kechgan bahs ”Bunyodkor-A”ning 4:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

1998 yilda tug'ilgan bolalar bahsida ”Bunyodkor-B” jamoasi raqiblariga qanchalik qarshilik ko'rsatmasin, g'alaba qozonishning uddasidan chiqolmadi. Ular o'yinda ”Bunyodkor-A” darvozasini ikki bora aniq nishonga olgan bo'lsalar, o'z darvozalaridan to'rtta to'p olib chiqishga majbur bo'lishdi – 2:4.

Akademiyamizning 1999 yilda tavallud topgan o'quvchilari o'rtasidagi o'yin ancha qiziqarli kechdi. Maydonning har bir qarichida to'p uchun kurash qizg'in ruhda o'tdi. ”Bunyodkor-A” o'yinchilari bu bahsda o'z tengdoshlaridan 4:1 natijasida ustun kelishdi.

Shubhasiz, shu kuni bo'lib o'tgan uchrashuvlar ichida eng qiziqarlisi 2000 yilda tug'ilgan bolalar o'rtasidagi o'yin bo'ldi. Bu o'yinda har ikki jamoa g'alaba uchun astoydil kurashdi. Natija ham shunga yarasha ko'rinish oldi – 2:3. ”Bunyodkor-A” foydasiga...

”Bunyodkor-A” va ”Bunyodkor-B”ning 2001 yil va 2002 yilda tug'ilgan tarbiyalanuvchilari o'rtasidagi uchrashuvlarda ”Bunyodkor-A” o'yinchilari raqiblariga umuman imkon qoldirmadi. 0:4 va 1:3 hisobidagi g'alabalar ularga uch ochkodan keltirishdi.

2-tur o'yinlari yakunlangach, jamoalar qisqa muddatli tatilga chiqib ketishdi. 3-tur o'yinlari esa 8 sentyabr kuni bo'lib o'tadi. Unda ”Bunyodkor-A” o'z maydonida “Spartak” jamoasini qabul qilsa, ”Bunyodkor-B” “Lokomotiv” mehmoni bo'ladi.

Sanjar ISMATOV

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com