Yoqubjon Bobojonov: “UzReport TV” oldinga intilishda davom etadi”

Narzulla Saydullayev
14 iyul 2016
Xabaringiz bor, 10 iyul kuni Fransiya yashil maydonlarida bo'lib o'tgan Yevropa chempionati o'yinlari o'z yakuniga etdi.

Bir oy davomida ko'hna qitaning eng kuchli 24 terma jamoasi bosh sovrin uchun kurash olib borishdi. Yakunda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi finalda musobaqa mezbonlarini mag'lub etib o'z tarixida ilk bor Yevropa chempioni bo'ldi. Ushbu musobaqani O'zbekiston hududida namoyish etish huquqini qo'lga kiritgan “UzReport TV” telekanali Evro-2016ning barcha 51ta o'yinini xalqimiz futbol ishqibozlariga namoyish etib berdi. Telekanalning sport tahririyati bosh muharriri Yoqubjon Bobojonov final uchrashuvi bo'lib o'tgan Parij shahriga uchib borib hal qiluvchi o'yindan avval O'zbekistonga final muhitini his etishga yordam berdi. Portugaliya – Fransiya uchrashuvini “Stad de Frans” stadionidan kuzatib borgan hamkasbimiz safar taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Fransiyaga tashrif
Xabaringiz bor, UzReport TV telekanali Evro-2016 musobaqasini O'zbekiston hududida translyatsiya qilishning eksklyuziv egasi hisoblanadi. UEFA tashkiloti mana shundan kelib chiqqan holda, bizga rasmiy hamkor sifatida akkreditatsiya taqdim etdi. O'tgan yilning o'zidayoq UEFAning rasmiy saytidan ro'yxatdan o'tib, akkreditatsiya masalasini hal qilib qo'ygandik. Bu masalaga urg'u berayotganimning sababi, Evro-2016 kabi musobaqalar uchun Yevropadan tashqarida bo'lgan davlatlar jurnalistlari akkreditatsiya olishlari katta muammo hisoblanadi. Sababi musobaqani yoritish istagida bo'lgan talabgorlar ko'plab topiladi. Bizda esa hammasi oson kechdi.

Parijga yetib kelgan kunning ertasiga, yani 9 iyul kuni Sen-Denida joylashgan “Stad de Frans”ga bordim. Media markazni izlab topdim (Shundoqqina stadion yonida joylashgan). U erda ishlayotgan volontyorlar, yani ko'ngillilarga shaxsimni tasdiqlaydigan hujjatni ko'rsatdim. U erda 100 ortiq volontyorlar xizmat olib borayotganini ham ta'kidlab o'tish kerak. Ularning orasida 17-18 yoshdan 60-65 yoshgacha bo'lgan insonlarni uchratasiz. Har bir volontyorning oldida kichkina fotokamera joylashgan. O'sha kamera orqali sizni suratga oladi va akkreditatsiyangizni 5 daqiqada tayyorlab beradi. Shu akkreditatsiya orqali maxsus media tribunaga kirib, ishlashingiz mumkin. Men stadionning o'zidan turib “jonli” reportaj olib borishni rejalashtirganim uchun qo'shimcha stikerni ham olishim kerakligini tushuntirishdi. Aytilgan joydan qo'shimcha ruxsatnomani oldim va ertangi o'yinshga tayyorgarlik ko'rishni boshladim.



Parij haqida
Parij katta shahar. Bu erda yilning istalgan qismida ko'plab sayyohlarni uchratish mumkin. Ammo Yevropa chempionati kabi katta musobaqalar paytida shahar yanada gavjumlashib ketadi.

Musobaqa shukuhi har qadamda sezilib turibdi, deysam noto'g'ri bo'ladi. Parijda futboldan tashqari ham sayyohlarni qiziqtira oladigan mavzular ko'p. Shunday bo'lsa ham maxsus joylarga Evro-2016 afishalari osib qo'yilganini, ta'kidlab o'tish kerak. Shuningdek, bu erda sevimli futbolchisi libosida yurgan muxlislarni ham ko'plab uchratish mumkin. Bundan tashqari mehmonxonalarda Evro-2016ga bag'ishlangan maxsus posterlar ham joylashtirilgan edi.

“Stad de Frans” haqida
Stadion juda hashamatli va ajoyib ko'rinishga ega ekan. Barchasi muxlislar uchun qulay bo'lishiga harakat qilingan holda barpo etilgan. 80 ming nafardan ortiqroq muxlis hech qanday qiyinchiliklarsiz va asabbuzarliklarsiz stadionga bir zumda kirib, o'z o'rnini egallashlari mumkin. Stadiondagi ikkita katta monitor muxlislarga o'yinni yorqin lahzalarini taqdim qilib boradi. Stadion atrofidagi nafaqat operatorlar, balki fotomuxbirlargacha barcha qulayliklar yaratib berilgan. Media tribunada ham jurnalistlar uchun barcha qulayliklar mavjud. Stadionning ichida deyarli har qadamda ichimlik va eguliklar sotuvi yo'lga qo'yilganini ta'kidlab o'tish kerak.

Finalda TV orqali namoyish etilmagan vaziyat haqida
Final uchrashuvini barcha televizor orqali ko'rib guvohi bo'ldi. Zamonaviy translyatsiyalarda o'yinning hech qaysi e'tiborga molik jihati muxlislar nigohidan panada qolmaydi. Faqatgina uchrashuv davomida muxlislardan biri stadionga yugurib chiqib, tartibni buzgani haqida aytib o'tishim mumkin. Barchaga ma'lum sabablarga ko'ra bunday holatlar namoyish qilinmaydi. Styuardlar bir zumda bu tartibbuzarni stadiondan olib chiqib kyetishdi.

Muxlislik madaniyati
Fransiyalik muxlislar mag'lubiyatdan keyin ancha tushkun ahvolga tushib qolishdi. Men atayin o'yinni media tribunada emas, muxlislar orasida kuzatishga qaror qilgandim. Bahs davomida muxlislar harakatini ham kuzatib bordim. Hech qanday janjal yoki to'polonni ko'rganim yo'q. Yonma-yon o'tirgan portugaliyalik va fransiyalik muxlislar o'yinni katta hayajon bilan kuzatib borishdi. Ammo uchrashuv davomida bir-birlariga birorta ham nojo'ya gap-so'z aytishgani yoki harakatni amalga oshirishganini ko'rganim yo'q. Bu muxlislik madaniyati qanchalik kuchli ekanidan dalolat berib turardi.



Finaldagi mashhurlar
Parijga kelishim bilan mehmonxonada taniqli italiyalik mutaxassis Fabio Kapelloni uchratib qoldim. U o'z turmush o'rtog'i bilan birga final uchrashuviga kelgan ekan. Bundan tashqari Valeriy Karpin ham biz joylashgan mehmonxonada istiqomat qildi. U Rossiyaning “MATCH TV” telekanali uchun o'yinlarni tahlil qilib bordi.

Stadionda o'tmishning taniqli yulduzlari Emmanuel Peti va Kristian Karmbyoga ko'zim tushdi. Men UzReport TV telekanali muxlislari uchun “jonli” reportaj olib borayotganimda, ular shundoqqina yonimda o'z telekanallari uchun ishlashayotgandi.

Keyingi rejalar haqida
UzReport TV telekanali oldinga intilishda davom etadi. Oldinda bizni yana ko'plab yirik musobaqalar kutib turibdi. Tez orada Angliya Premer-ligasi va Yevropa chempionlar ligasi bahslari start oladi. Shuningdek, yangi mavsumdan telekanalimiz orqali Yevropa ligasi bahslarini ham namoyish etish haqida avval ma'lum qilgandik. Mazkur uchrashuvlarni muxlislar uchun yuqori sifatda taqdim qilish asosiy rejamiz. Shuningdek, yangi mavsumda APL va YCHLning bir qator muhim o'yinlarini bevosita stadiondan turib yoritib borishni rejalashtirganmiz.

Ko'pchilik telekanalimiz sharhlovchilari qachon o'yinlarni bevosita stadionlardan turib sharhlab borishlari haqida so'rashmoqda. Tez orada bu ham yo'lga qo'yiladi. Biz hammasiga asta-sekin, bosqichma-bosqich erishishni maqsad qilib qo'yganmiz. YCHL va Evro-2016 finalidagi stadionning o'zidan turib amalga oshirilgan “jonli” reportajlar o'zbek televideniesi tarixida ilk bor amalga oshirildi. Bunday ishlar avval amalga oshirilmagan edi. Bazi kamchiliklar yuzaga kelgan bo'lsa muxlislardan uzr so'raymiz. Bu harakatlarning barchasi bizga katta tajriba bo'lib xizmat qilmoqda. Umid qilamanki, kelgusida amalga oshiradigan ishlarimiz bundan-da sifatli va bundan-da yaxshiroq bo'ladi. Maqsadimiz jahon futboli musobaqalarini muxlislar e'tiboriga yuqori sifatda taqdim etish va ularga  katta futbol bayramlaridan bahra olish imkoniyatini taqdim etib borish.

Narzulla Saydullaev yozib oldi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia