Umid Ahmadjonov Namanganda yangi mavsum ochilishida ishtirok etdi

Narzulla Saydullayev
17 mar 2018, 21:46
O'zbekiston milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti va O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vice-prezidenti Umid Ahmadjonov Namangan viloyatiga tashrif buyurgani haqida avval xabar berib o'tgandik.

Bugun Umid Ahmadjonov Superliganing 3-turidan o'rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvidan oldin mavsumning ochilish marosimida ishtirok etdi. Namangandagi “Markaziy” stadioniga aslida 21913 nafar muxlis sig'ishi haqida avval xabar berib o'tgandik. Lekin bugun stadionga 25300 nafar muxlis tashrif buyurdi. Katta futbolni sog'ingan muxlislar sevimli jamoalari ishtirokidagi uchrashuvni tomosha qilish uchun tribunalar zinalari, uning atroflaridan joy olishdi.


Ochilish marosimida Umid Ahmadjonov bilan birga Namangan viloyati hokimi, Namangan viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov, Namangan shahri hokimi, “Navbahor” klubi prezidenti Shavkat Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.

Umid Ahmadjonov so'zga chiqib, stadionga yig'ilgan muxlislarni yangi mavsum bilan, “Navbahor” klubining 40 yilligi bilan tabrikladi. Namanganlik muxlislarni futbolni juda ham sevishlarini alohida etirof etib, ishqibozlar mana shunday stadionlarni to'ldirib, sevimli jamoalariga muxlislik qilib o'tirishlari boshqa muxlislarga ham o'rnak bo'lishi kerakligini aytib o'tdi. Jamoaga ushbu mavsumda omad va muvaffaqiyat tiladi.


Namangan viloyati hokimi, Namangan viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozorov O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan yurtimizda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va adolatli qarorlar uchun namanganlik muxlislar nomidan alohida minnatdorchilik bildirdi.


Shundan so'ng, Umid Ahmadjonov viloyat hokimiga sovg'a sifatida ramziy Kubokni topshirdi. Shuningdek, muxlislar bilan ishlashdagi faollligi uchun “Navbahor” futbol klubi muxlislar sardori Farxod Umaralievga ham sovg'alar topshirildi.

Shundan so'ng O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, uchrashuvga start berildi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com