Kambek yaratgan murabbiy, 2 ta golda qatnashgan "joker" va so'nggi soniyalardagi shedevr muallifi - Superligada 27-tur laureatlari

Sherzod Nurmatov
9 noya 2026, 14:19
Championat.asia sayti O'zbekiston Superligasi 27-turining eng yaxshilarini aniqladi.

27-turning eng yaxshi darvozaboni - Umidjon Ergashev (“Xorazm”)

"Xorazm" 27-turda "Bunyodkor"ni 2:1 hisobida mag'lub etib, klub tarixida ilk bor "qaldirg'ochlar" ustidan g'alabani rasmiylashtirdi. Bahs qahramoniga aylangan xorazmliklar darvozaboni Umidjon Ergashev o'yin davomida naqd 8 ta seyv ijro etdi. Eng e'tiborlisi, bu zarbalarning 4 tasi jarima maydoni ichidan yo'llangan edi. Shu tariqa, aynan u tur darvozaboniga aylandi.

darvozabon (19).png

27-turning eng yaxshi murabbiyi - Islom Ismoilov (“Neftchi”)

"Neftchi" o'z maydonida OKMKga qarshi kechgan dramatik bahsda haqiqiy iroda ko'rsatib, aql bovar qilmas kambek qayd etdi. So'nggi daqiqalarda urilgan ikki gol evaziga 0:1 hisobidagi mag'lubiyat 2:1 hisobidagi g'alabaga aylantirildi. Bu muvaffaqiyatda bosh murabbiy Islom Ismoilov tomonidan amalga oshirilgan aniq va o'z vaqtidagi o'zgarishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Yakunda aynan u haqli ravishda turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

murabbiy (18).png

27-turning eng yaxshi futbolchisi - Ratino (“Neftchi”)

"Neftchi" yarim himoyachisi Ratino zaxiradan maydonga qo'shilib, bahs qahramoniga aylandi va har ikkala golda bevosita ishtirok etdi. Dastlab uning kuchli zarbasidan so'ng to'singa tegib qaytgan to'pni Sarsenbaev bo'sh qolgan darvozaga joylab qo'ydi. Ikkinchi golda ham aynan braziliyalik legionerning aniq pasi Jumaevni qulay poziciyaga olib chiqdi va u yakunda G'iyosovni golli uzatma bilan taminladi. Ushbu performansdan so'ng aynan Ratino turning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

futbolchi (18).png

27-turning eng chiroyli goli muallifi - Xurshid G'iyosov (“Neftchi”)

"Neftchi" vingeri Xurshid G'iyosov zaxiradan o'yinga qo'shilib, so'nggi soniyalarda sobiq jamoasi OKMKni ranjitdi. U Asilbek Jumaevning uzatmasidan so'ng o'ziga xos fint bilan chap oyoqda to'pni darvozaga joyladi va jamoasiga dramatik g'alabani taqdim etdi. Ushbu shedevr yakdil qaror bilan 27-turning eng chiroyli goli deb topildi.

gol (18).png

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia