Srechko Katanets Iroq xalqiga maktub yo'lladi

Xayrulla Xoliqov
6 iyul 2021, 15:36
Sloveniyalik taniqli murabbiy Srecko Katanets Iroq terma jamoasini tark etdi.

Aytish mumkinki, ushbu mutaxassis Iroq termasini so'nggi uch yil mobaynida boshqarib, ushbu jamoani JCH-2022 saralash bahslarining uchinchi bosqichiga olib chiqdi. Lekin o'tgan besh-olti oy mobaynida murabbiyga umuman maosh to'lanmadi. Shu bois Katanets Iroq terma jamoasi bilan xayrlashishga majbur bo'ldi. U ketar chog'ida iroqlik muxlislarga maktub yo'lladi. 

"Barcha-barchaga va eng avvalo Iroq futboli muxlislariga salom yo'llayman. Birinchi navbatda bu yerda o'tkazgan uch yil uchun minnatdorchilik bildiraman". 

"Vaziyatdan hammangiz xabardorsiz. O'tgan besh-olti oydan beri maosh olmasdan ishlab keldim va bu vaqt oralig'ida menga hech kim hech narsa demadi. Natijada men shartnomani buzishga qaror qildim. Aslida shartnomani buzgan men emas, balki Iroq futbol federatsiyasi, chunki vaziyat meni shunday yo'l tutishga majbur qildi. Federatsiya o'zaro shartnomani hurmat qilmadi". 

"Aslida men oldinroq ketishim ham mumkin edi. Biroq jahon chempionatiga saralash ikkinchi bosqich o'yinlari davom etayotgani bois jamoani yarim yo'lda tashlab keta olmasdim. Bunga g'ururim yo'l qo'ymadi. Televizorda va matbuotda aytilayotgan gaplarning hammasi ham to'g'ri emas. Shu bois men haqimda noto'g'ri fikrga borishingizni hohlamayman. 

"Men professional murabbiyman. Shartnoma esa ikki tomonlama tuziladi. Men o'z vazifamni bajarib terma jamoani uchinchi bosqichga olib chiqdim. Ammo federatsiya hech qanday reakciya bildirmadi. Natijada vakillarim bilan o'zaro maslahatlashgan holda FIFAga yozishga majbur bo'ldik". 

"Hozircha hech kim bilan shartnoma tuzganim yoki og'zaki kelishganim yo'q. Kelajakda nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi. Iroq milliy terma jamoasiga esa jahon chempionatiga chiqishini tilab qolaman. Hurmat bilan, Srechko Katanets". 

Xullas, shunaqa gaplar. Ma'lumot uchun, Iroq milliy terma jamoasi JCH saralashining keyingi raundida Eron, Janubiy Koreya, BAA, Suriya va Livanga qarshi bahs olib boradi. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia