

Shvetsiya futbol uyushmasi Yon-Dal Tomassonni lavozimidan ozod etganini e'lon qildi. Bu qaror jamoaning JCH-2026 saralashidagi qoniqarsiz natijalari sababli qabul qilindi.
Ushbu lavozimga nomzodlarni qidirish ishlari zudlik bilan boshlanadi.
"Shvetsiya futbol uyushmasi tomonidan qabul qilingan qaror terma jamoa biz kutgan natijalarga erisha olmaganiga asoslanadi. Mart oyida play-off o'yinlarida ishtirok etish imkoniyatimiz hali bor va bizning burchimiz jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun eng qulay sharoitlarni yaratishdan iborat. Shu bois terma jamoaga yangi murabbiy rahbarligida yangi boshqaruv kerak, deb hisoblaymiz," - dedi tashkilot raisi Simon Ostrem.
Shvetsiya terma jamoasi JCH-2026 saralashining 4 ta o'yinidan so'ng 1 ochko to'plab, B guruhi jadvalida oxirgi, 4-o'rinni egallab turibdi. Guruhda Shveytsariya terma jamoasi 10 ball bilan peshqadamlik qilmoqda, undan keyin Kosovo (7 ochko) va Sloveniya (3 ochko) joylashgan.



