

Eslatib o'tamiz, sherlar 30 yanvar kuni Doxadagi Tani Bin Jassim stadionida Qatarning Al-Garafa klubi mehmoni bo'lishadi.
O'z vaqtida Nasaf jamoasidagi o'yinlari orqali muxlislar mehrini qozongan, ayni payt Paxtakor libosida to'p surayotgan himoyachi Sherzod A'zamov biz bilan suhbatda yangi mavsum taraddudi hamda 30 yanvar oqshomida o'tkaziladigan o'yin arafasidagi fikrlarini bayon etdi.
- Sherzod, Paxtakorning Turkiyadagi yig'ini qanday davom etyapti? Mashg'ulotlarda yangiliklar bormi?
- Asosiy yangilik - safimizga yangi kelib qo'shilgan futbolchilar bilan shug'ullanyapmiz. Boshqa katta o'zgarish yo'q.
- Yangi futbolchilar jamoa o'yiniga moslasha olishyaptimi?
- Juda tez moslashishdi. Chunki tarkibimizga qo'shilgan o'yinchilar yosh emas. Tajribali bo'lishgani uchun bosh murabbiy talab qilgan narsalarni tezda o'zlashtirib olishyapti. Jismoniy holatni tiklashga e'tibor qaratayotgan murabbiy o'z g'oyasini tushuntirishga intilyapti. Biz esa topshiriqlarni bajarishga harakat qilyapmiz. Bu o'yinlar orqali OCHL pley-off uchrashuviga tayyorgarlik ko'ryapmiz.
- Mashg'ulot va nazorat o'yinlari bilan parallel ravishda Al-Garafa klubini o'rganish jarayoni ham davom etyaptimi? Qatar klubining kuchli jihatlari nimada?
- Hali bu jamoa ishtirokidagi o'yinlarni ko'rmadik. Lekin murabbiylar raqibni o'rganib chiqishmoqda. Mashg'ulot jarayonida Al-Garafaning kuchli va aksincha, zaif tomonlari bo'yicha ishlayapmiz.

- Jamoa tarkibiga Uesli Sneyder kelib qo'shidi. Bu Al-Garafaning sezilarli darajada kuchayishiga sabab bo'ladimi? Mazkur transfer sizlarni xavotirga solmayaptimi?
- Yo'q, bundan tashvishlanayotganimiz yo'q. Chunki, Paxtakor futbolchilari Sneydyerdan ko'ra kuchliroq o'yinchilarga qarshi maydonga tushishgan. Jamoada bir-ikki futbolchi ko'p narsani hal qilmaydi. Maydonda har ikki klub tarkibida ham 11 nafardan futbolchi o'ynaydi. Bir kishiga e'tibor bersak, qolganlar xavf tug'diradi. Shu sababdan ham butun jamoani inobatga olishimiz kerak.
- Pley-offning yagona o'yindan iborat ekani, bu uchrashuvning Qatarda o'tkazilishi Paxtakorning imkoniyatlarini biroz chegaralamaydimi?
- Hozir vaziyat shunday, yani ortga yo'l yo'q. Biz o'yinga tayyormiz, qolganini vaqt ko'rsatadi. Maydonga g'alaba ilinjida tushamiz va so'nggi daqiqalargacha kurash olib boramiz.
- Paxtakor ikkinchi Nasafga aylanib ulgurdi, hisobi. Sobiq jamoadoshlaringiz yangi muhitga moslashishda muammo sezishmayaptimi?
- Men Paxtakor ikkinchi Nasafga aylandi, deb o'ylamayman. Katta futbolda toblangan futbolchilar muammoga duch kelishmaydi. Haqiqiy professional maydon tanlamasligi kerak.
- Jamoa safiga kelib qo'shilganingizga yarim yildan oshdi. Ortga nazar tashlab, xulosalaringiz qanday bo'lyapti?
- Paxtakorga o'tish men uchun katta sinov edi. O'zimni yangi jamoada sinab ko'rishni maqsad qilgandim va o'sha paytda qabul qilgan qarorimdan afsuslanmayman. Paxtakor - o'zbek futboli tarixida yorqin iz qoldirgan buyuk jamoa.
- Bu yilgi kuchli raqobatga ham tayyormisiz?
- Istalgan sport turini oling, u raqobatdan xoli emas. Raqobat bo'lmasa, hech bir sportchi, shu jumladan, futbolchi ham o'sishga erishmaydi.
- Nasaf bu yo'qotishlardan keyin kuchsizlandi, deb hisoblaysizmi?
- Yo'q. O'tgan mavsumda ham Qarshi jamoasini tark etganlar etarli edi. Shunga qaramay, u Nasafligicha qoldi. Kelgusida ham bu klubning vazifasi o'zgarmaydi.
- Ushbu transferlarning amalga oshishida asosiy omil masalaning moliyaviy tomoni bo'lganmi?
- Inkor etmayman, moliyaviy tomon ham rol o'ynagan. Bundan tashqari, Paxtakor rahbariyati tomonidan klub oldiga qo'yilayotgan vazifalar ham har qanday futbolchini o'ylantirib qo'yadi. Yani, turli sovrinlarga erishish mumkin.

- Shota Arveladzega qanday tarif berasiz?
- Yevropalik murabbiy ekanligi bilinib turadi. Bu mashg'ulotlarda seziladi.
- Mabodo Paxtakor Al-Garafa to'sig'idan o'tolmasa, bu jamoaning keyingi rejalari o'zgarib ketishiga sabab bo'ladimi?
- Vazifalar o'zgarmaydi. Asosiy maqsadimiz - O'zbekiston chempioni bo'lish. Albatta, OCHL guruh bosqichiga chiqishga astoydil harakat qilamiz. Hozirgi paytda bor e'tibor shunga qaratilgan.
- Chempionlik poygasida asosiy raqib sifatida Lokomotivni ko'ryapsizmi?
- Hamma jamoa o'z oldiga maqsad qo'yadi. Lekin biz Lokomotivga e'tibor bermaymiz. Shunchaki, o'z o'yinimiz haqida o'ylaymiz.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi "Interfutbol" gazetasi



