Sharofetdinov faoliyatini Malayziyada davom ettiradi

Narzulla Saydullayev
14 noya 2013, 18:24
“Paxtakor” yarim himoyachisi Dilshod Sharofetdinov Malayziyaning “Sime Darbi” klubi bilan shartnoma imzoladi.

Aniqrog'i, har ikki jamoa o'rtasidagi kelishuvga ko'ra, yarim himoyachi endi ikki yilni ijara asosida Malayziya superligasining debyutanti safida o'tkazadi. Sharofetdinov shu paytgacha oliy ligada “Dinamo”, “Navbahor” va “Paxtakor” klublari safida to'p tepgandi. 28 yoshli futbolchi faoliyatini “Dinamo”da boshlagan va 5 mavsum davomida o'ynagan. Keyin “Paxtakor”ga ko'chib o'tib, orada 2010 yilning bir davrasini Namanganda o'tkazgandi. Oliy ligada jami 192 uchrashuvda 25 gol muallifi bo'lgan. Osiyo Chempionlar ligasida 14 bellashuvda 3 gol sohibiga aylangan. “Paxtakor” bilan 2 bor O'zbekiston Kubogi va bir marta oliy ligada zafar quchgan. Bu yilgi mavsumda raqib darvozalarini 6 bor ishg'ol qilishga erishdi. Tayanch yarim himoyachisi uchun bu juda yaxshi ko'rsatkich hisoblanadi. Endilikda tajribali Sharofetdinov faoliyatini Malayziyada davom ettiradi.

Shu o'rinda uning yangi jamoasi haqida to'xtalib o'tsak. Kuala Lumpurga yaqin joydagi Sime Darbi hududida joylashgan futbol klubi 2010 yilning 22 yanvarida tashkil etilgan. Ishtirokini havaskorlar ligasida boshlagan jamoa 3 yilda superligagacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Uy stadioni “Majlis Perbandaran Selayang” bo'lib, 10 ming muxlisga mo'ljallangan. Jamoa bosh murabbiyi mahalliy mutaxassis Ismoil Zakariya sanaladi. 2012 yil jamoa Malayziya FA Kubogida finalgacha yetib borgan. O'tgan mavsumda Malayziya Kubogida chorak finalga chiqqan.

Biz Sharofetdinovning Malayziyadagi faoliyatiga omad tilab qolamiz.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pakhtakor.uz