"Sen terma jamoa uchun nima qilding?"

Narzulla Saydullayev
23 iyul 2013, 11:28
Bundan keyin shu shiorga amal qilib ishlashga to'g'ri keladi.
“Paxtakor”mi, “Bunyodkor”mi ketma-ket besh marta chempion bo'lmasin, Kubokni ham qaysidir jamoa qatorasiga uch-to'rt marta yutmasin, agar terma jamoalar oldiga qo'yilgan vazifalar uddalanmas ekan, hammasi bekor ketgan bo'ladi. Milliy terma jamoamizning bu safar ham jahon chempionatiga to'g'ridan to'g'ri chiqa olmaganidan keyin yana bir karra mana shu haqiqatga guvoh bo'ldik. Odamlarga endi oliy liganing qizig'i bo'lmay qoldi, faqat o'sha jamoalarda ishlayotgan kishilardan tashqari. Stadionlarga kelayotgan muxlislarni ham zo'r futbol ko'ramiz umidida kelmayotgani bor gap. Ko'pchilik vaqtini shunchaki o'tkazish yoki sherigi bilan ikki og'iz chaqchaqlashish uchun stadionga boryapti. Oliy liga o'yinlarini hech kim maza qilib ko'rayotgani yo'q. Chunki kurashning o'zi yo'q, qolaversa, bazi o'yinlardan oldinoq qaysi jamoaning g'alaba qozonishi ma'lum bo'lib qolyapti. Endi muxlis uchun o'sha o'yinlarning qizig'i qolmadi, ishqiboz hattoki o'yinning qnaday hisobda yakuniga yetishining ham fahmiga boryapti.

KASHFIYOTLAR QANI?

Terma jamoamizning jahon chempionati saralash bahslaridagi ishtirokidan ming marta takrorlangan haqiqatni yana bir bora tushunib etdik. Terma jamoa jahon chempionatiga chiqmaguncha hammasi bekor ekan. O'zbekiston – Qatar o'yiniga hatto 200 ming so'm sarflab bilet olgan odamlarning oliy liga uchun ming so'm ketkazishga ko'zi qiymayapti. To'g'ri-da, bunday futbolning kimga keragi bor? Klublar faoliyati-ku alohida masala. Aksariyat klublar nima uchun mavjud bo'lib turishganini hatto o'zlari bilishmaydi. Juda ko'p klublarda 4-5 yilga mo'ljallab tuzilgan rejalar yo'q. Biznes plan deyilayotgan narsa faqat OFK so'ragani uchun tuzib berilyapti. Xo'sh, nega shu ahvolga kelib qoldik? Nega shashti baland futbol kishilari vaqt o'tgan sari lanj bo'lib borishyapti? Afsuski, hozirgi futbolda juda beparvo odamlar ko'payib ketdi. Eng achinarlisi - sen menga tegma, men senga tegmayman aqidasi borgan sari ildiz otmoqda. To'g'risini aytganda, hozirgi o'zbek futbolida loqayd, beparvo, faqat o'z tinchimni o'ylasam bo'lgani, it hurar – karvon o'tar qabilida fikrlaydigan kishilar ko'payib ketdi.

Oxirgi gal O'FFda bo'lib o'tgan yig'ilishda PFL bosh direktori Farhod Magometov bunday kishilarni tuyaqushga o'xshatdi: xavf sezilishi bilan boshni qumga tiqib oladi. Magometov to'g'ri tarif berdi, ammo tarifning o'zi kamlik qilmayaptimi? Madomiki, futbolimizda shunaqa odamlar bor ekan, ularning yostig'ini quritish, kerak bo'lsa futboldan umuman chetlatish bir tomondan Magometovning ham zimmasidagi ish hisoblanmaydimi? Magometov birinchi ligada kelishilgan o'yinlar ko'pligini gapirdi, lekin aynan qaysi uchrashuvlar kelishuv ostida o'tgani haqida lom-mim demadi. Nima uchun? YO Magometovning o'zi ham bilmaydimi qaysi o'yinlar kelishilgan ekanini? Yoki bilib turib omma oldida aytishdan tonyaptimi? Kelishilgan o'yinlarni yo'qotishning iloji bormi? Bor albatta, bo'lib ham buning yo'li bizda qiyin emas. Falonchi shaxs kelishilgan o'yinni tashkil qilib bergani uchun falon yilga qamalibdi deyilsa bormi, bu boshqalarga ta’sir ko'rsatmaydi deb o'ylaysizmi?

E'tibor beryapsizmi, oliy liganing birinchi davrasi tugashi bilanoq chempionlik va elitada qolish uchun kurashadigan jamoalar nomi ma'lum bo'lib ulgurdi. Bundan tashqari, birinchi ligada ham shu ahvol. Shuningdek, O'zbekiston Kubogining yarim finaliga chiqqan jamoalarga e'tibor qarating: “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Paxtakor”. Bunga tabiiy hol sifatida qarashimiz kerak. Chunki boshqa klublarning sharoiti yarim finaldan uyog'ini ko'tarmaydi. Lekin mana shu to'rt jamoa Kubok va chempionlik uchun kurashmoqda. Xo'sh, bu jamoalarning o'yini chempionlikka munosibmi? Chempionlikni qo'lga kiritish boshqa, chempionlikka munosib holda uni nishonlash boshqa. Qolaversa, bizda O'zbekiston chempioni bo'lish nimani beradi? Muxlislarni ko'proq o'yinchilarning saviya jihatdan qanchalik o'sishga erishayotgani qiziqtiradi. Masalan, terma jamoaga kelayotgan o'yinchilarni olaylik. Ular orasida saviya jihatdan kimlar o'sdi? Ozginadan Oleg Zoteev bilan Shohruh Gadoev bo'lsa kerak. Lekin boshqalarning o'yini o'sha-o'sha.

Yoki bo'lmasa yaqinda Turkiyada bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati bizga kimlarni tanitdi? Birgina Diyor Turopovni bo'lsa kerak. Axir biz Kozak, Iskanderov, Maxstaliev, Sergeev kabi futbolchilarni oldindan bilardik va ular boshqacha o'yin namoyish etishgani yo'q, shu o'zlarining oldingi o'yinlarini ko'rsatishdi xolos. Shu bois ham kashfiyot sifatida birgina jizzaxlik Diyor Turopovni ko'rsata olamiz. Aslida mana shunday musobaqalar bir nechta kashfiyot yoki topilmalarni ochib berishi kerak. Ammo biz Ahmadjon Musaevning ishida bittadan ortiq kashfiyotni ko'rmadik. Qolaversa, eshitishimizcha, Diyor Turopovni ham termaga Musaevning o'zi topmagan ekan. Endi oddiy matematikaga o'tamiz. Terma jamoamiz Turkiyada beshta o'yin o'tkazib qaytdi. Shundan ikkitasida g'alaba qozondik, bir marta durang o'ynab, ikki bor mag'lubiyatga uchradik. Biz yutgan Yangi Zelandiyani guruhdagi hamma yutdi. Gretsiyani chiroyli o'yin orqali mag'lub etganimizni hisobga olmaganda Urugvay bilan Fransiyaga bir xil 0:4 hisobida imkoniyatni boy berdik. To'g'rirog'i, ularga jangsiz taslim bo'ldik. Futbolda yutqazishni ham bilish kerak. Yutqazdi deb ana Iroqni aytsa bo'ladi. Urugvay bilan oxirigacha kurashdi, lekin penaltilar seriyasida mag'lub bo'ldi. Biz-chi? Axir 10-daqiqadayoq kuchimiz Fransiyaga etmasligi oshkor bo'lib qoldi-ku. Nima uchun biz turnir davomida o'yindan o'yinga o'sish o'rniga pastga og'a boshladik? Masalan, Iroqni olaylik (ular ham Osiyoda bo'lgani uchun e'tibor qaratishga majburmiz), bu jamoa borgan sari kuchayib bordi. Bizda esa muvozonat yo'qolib qoldi. Gretsiyaga qarshi o'ynagan tarkibdan Fransiyaga qarshi asar ham qolmadi-ku. Tabiiyki bunda murabbiylarning aybi katta. Chunki zukko murabbiy jamoasini o'yindan o'yinga kuchaytirib borishi lozim. Hisoblab chiqsak, jahon chempionatiga borib kelgan yoshlarimizdan bor-yo'g'i 9 nafari o'zini ko'rsatibdi, xolos. Bular – Maksimilian Fomin, Bobur Yo'ldoshev, Sardor Rahmonov, Abbos Maxstaliev, Vladimir Kozak, Jamshid Iskanderov, Diyor Turopov va Igor Sergeev. Qolganlar o'z mahoratlarini namoyish eta olishmadimi, demak, bosh murabbiy o'shalarning ochilmagan qirralarini ochish ustida ishlamagan ko'rinadi.

Bu ham mayli, yoshlarimiz qaytib kelgach, ko'pchilik endi futbolchilarga qanaqa mashina beriladi deb so'ray boshladi? Odamlar ham juda mazaxo'rak bo'lib kyetibdi-ku! Futbolchiga mashina kerakmi? Marhamat, klubida yaxshi o'ynab ko'p pul topsin va xohlagan mashinasini sotib olsin. Axir terma jamoada o'ynashning o'zi sharaf emasmi? Qolaversa, futbolchilarimiz mashina oladigan darajada hali hech nimani qoyil qilishgani yo'q. Kuchli sakkizlikka kirgan bilan o'tkazilgan beshta o'yinda 10ta gol o'tkazib qaytib kelishning o'zi uyat.

QOSIMOV TERMA JAMOADAN KETISHI KERAKMI?

Milliy terma jamoamizning to'g'ridan to'g'ri chiqa olmagani  muxlislar kayfiyatiga o'tkir zarba berdi. Hammaning ko'ngli sovub ketdi desak ham xato bo'lmaydi. Shundan so'ng Qosimovni termadan bo'shatish kerak, o'rniga Abramovni qaytarish lozim degan fikrlar yangray boshladi. Hal qiluvchi bosqichda 14 ochko to'plaganimiz ham rosa muhokama qilindi. Gap qancha ochko to'plashda emas, gap vazifa bajarildimi-yo'qmi, shunda. Qosimov terma jamoa uchun borini berib harakat qilyapti, lekin uning bir paytning o'zida “Bunyodkor”da ishlayotgani baribir o'z ta’sirini ko'rsatmasdan qolmayapti. Aytaylik, missiya bajarilmagani uchun Qosimov termadan ketdi ham deylik, lekin o'rniga kelgan odam nima qilib berishi mumkin? Oliy ligani kuzatib nomzodlar axtaray desa, har etti-sakkizta o'yindan uchtasi kelishilgan bo'lib chiqadi, buyoqda Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etgan klublarimiz ham allaqachon o'z yurishlarini to'xtatgan bo'lsa. Birinchi ligani-ku gapirmasa ham bo'ladi. Xo'sh, yangi murabbiy nimani kuzatadi? Qaysi futbolchini ko'z ostiga olib qo'yadi? Kuzatishi mumkin, faqat chetda to'p surayotgan legionerlarni. Lekin shunda yangi murabbiyning chet eldan beri kelmasdan ishlashiga to'g'ri keladimi?

Shu bois Qosimov terma jamoadan ketsa ham, ketmasa ham nimadir o'zgarishiga odamlar ishonmay qo'yishdi. Vaziyat oldingi holatichalik qolaveradi. Toki o'zbek futbolidagi ish yuritish tizimi tubdan o'zgarmas ekan, (bular ichiga kelishilgan o'yinlarni yo'qotish, qog'ozbozlikni bas qilish, bolalar futbolida yosh kichraytirishga qatiy chek qo'yish, hakamlarga ta’sir o'tkazish, ularni sotib olishga urinish, telefon orqali jamoaga falonchining to'p tepishni bilmaydigan o'g'li, nevarasi yo jiyanini taklif etishga barham berish, murabbiylarning bukmekerlik konturalariga futbol o'yinlari uchun pul tikishini umuman yo'qotish kabilar kiradi), o'zbek futbolida jarga qulasa qulaydiki, hech vaqt oldinga siljimaydi.

E'tibor bering, terma jamoa to'g'ridan to'g'ri jahon chempionatiga chiqa olmadi-yu, lekin bu borada muhokama, yig'ilish, yoki katta majlis o'tkazilmadi. Nima sababdan har oy o'tkazib kelinayotgan murabbiylarning terma jamoalar markazi rahbariga hisoboti bu safar amalga oshmay qoldi? Yoki ular hisobot topshirishdi-yu, biz bundan bexabar qolib ketdikmi? Axir O'FF rasmiy sayti har oyda murabbiylarning hisobotini ma'lum qilib borayotgandi-ku. Yoki bularning barchasi ko'zbo'yamachilik, boshqacha aytganda, Asqar Tolibjonovning mana biz ishlayapmiz-ku qabilida o'zini xalqqa, ayniqsa, rahbarlarga ko'z-ko'z qilishi uchunmidi?

Mana shuning uchun ham bemalol aytishimiz mumkin, Qosimov ketgani bilan toki mavjud sistemadan tag-tomiri bilan voz kechilmas ekan, eski hammom – eski tosligicha qolaveradi.

“SEN TERMA JAMOA UCHUN NIMA QILDING?” – O'FFNING BOSH SHIORI BO'LISHI KERAK

Oliy ligamizda 14ta klub qatnashyapti. Birinchi ligada jami 24ta klub bilan mauvsum boshlandi va mana endi ularning soni 16ta qoldi. Shunda ham mavsumning ikkinchi yarmi jami 30ta jamoa bilan davom ettiriladi. Nega oliy va birinchi ligani qo'shib hisoblaganda klublar soni 30ta bo'lgani bilan terma jamoaga durustroq nomzod chiqmayapti? Bu haqda kimdir o'ylab ko'rishi kerakmi-yo'qmi? Masalan, jahon chempionatida qatnashib kelgan futbolchilarning qaysi klubdan ekanligiga e'tibor beraylik. Fomin, Maxstaliev, Kozak, Iskanderov, Sergeev – bular “Paxtakor” vakillari. Bobur Yo'ldoshev “Lokomotiv”dan, Diyor Turopov “Olmaliq”, Sardor Sobirxo'jaev esa “Bunyodkor” futbolchisi. Sardor Rahmonov ayni paytda “Loko”da to'p surayotgani bilan aslida “Mashal” tarbiyalanuvchisi. Qani nomi ulug' “Neftchi”, “Navbahor”, “Dinamo”, “Nasaf”, “Metallurg”, “Buxoro”dan futbolchilar? Yoki bu jamoalar terma jamoa uchun o'yinchi yetishtirib berishni allaqachon yig'ishtirib qo'yishdimi?

Bundan keyin O'FF oliy va birinchi ligada qatnashayotgan har bir klub oldiga “Sen terma jamoa uchun nima qilding?” shiorini bosh vazifa qilib qo'ymasa bo'lmaydi. Farhod Magometov har yig'ilishda falon jamoalar haligacha PFLga pul o'tkazib bergani yo'q demasdan, klub rahbari yoki murabbiyini shartta o'rnidan turg'azib, “Ey, sen, nima uchun besh yildan terma jamoaga birorta ham futbolchi etkazib bermayapsan?” degan savolni ko'ndalang tashlasa, o'ylaymizki, hammaning boshi qotadi. To'g'ri-da, yoshlar, o'smirlar, olimpiya, milliy terma jamoa uchun xizmat qilmayotgan klublarning boridan yo'g'i yaxshi emasmi? 

Murabbiy – o'z nomi bilan ustoz, pedagog, tarbiyachi deganidir. Uning vazifasi birlamchi navbatda shogird tarbiyalashdan iborat bo'lishi kerak, har xil totalizatorga kerak bo'lsa jamoasining mag'lubiyati uchun pul tikmasdan. Lekin bizning ftubolchilardan ustozing kim deb so'rang, oliy ligada to'p surayotgan sanoqli futbolchilargina klublarda ishlayotgan bosh murabbiylarni shu kishi mening ustozim deb baralla ayta olishadi. Ko'pchiligi “e, bitta trener-da” deb qo'ya qoladi. Ammo buning uchun o'yinchilarni ayblashga haqqimiz yo'q, murabbiylarning o'zi bilimi va ishi orqali o'zlariga mana shunday nom orttirib olishyapti.

O'lkamizda futbol rivojlanishini, barcha yoshdagi terma jamoalarimiz jahon chempionatida muntazam qatnashishini barchamiz xohlaymiz. Hatto o'sha oldi-berdi o'yinlarni tashkil qilishda bevosita bosh-qosh bo'layotgan kishilar ham terma jamoaning jahon chempionatiga borishini xohlaydi. Lekin bugungi kunda faqat xohish bilan ish bitmayapti. Avvalo futbolimizning ertasi uchun yonib yashash kerak. O'FFdan talab qilinadigani esa klublar oldiga “Sen terma jamoa uchun nima qilding?” degan shiorni shartta ko'ndalang qo'yib, jamoalarni astoydil eng shimarib ishlashga chaqirish hisoblanadi. Klublar avvalo terma jamoa hamda o'zbek muxlislarining xursandchiligi uchun mavjud ekanliklarini tushunib yetishadi. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga doir bir nechta muhim qarorlar chiqarildi, to'g'rimi? Endi bu qarorlarning uzluksiz nazorati O'FF qo'lida hisoblanadi. Qarorga muvofiq oliy liganing har bir klubiga yuqoridan tayinli homiy biriktirilgan, demak, O'FFning oliy liganing har bir klubiga “Sen o'zi terma jamoa uchun nima qilib beryapsan?” deb so'rashga haqqi bor. Ana shundagina klub rahbarlari va murabbiylari shoshib qolishadi, hadeb oliy ligada sichqon-mushuk o'ynagandan ko'ra natijani unutmagan holda futbolchi tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lishadi va faqat Vatan uchun ishlash kerakligini tushunib yetishadi. Bu esa o'z navbatida futbolimiz ravnaqiga xizmat qilmay qo'ymaydi.

Xayrulla XOLIQOV.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia