Sanjar Shoahmedovga Bahrayn klubi taklif bilan chiqdi

Tolibjon Qosimov
16 dek 2014, 13:00
"Olmaliq" jamoasi yarim himoyachisi Sanjar Shoahmedovning boshqa klubga o'tishi haqida turli xil mish-mishlar paydo bo'lmoqda.
Olgan ma'lumotlarimizga qaraganda unga Bahraynning "Riffa" jamoasi shartnoma taklif qilgan, futbolchi esa arab klubi tomonidan bo'lgan taklifni o'rganib chiqmoqchi. Bahrayn klubi OCHL Ikkinchi pley-off bosqichidan kurashga kirishadi, agar "Riffa" pley-offdan o'ta olsa, "C" guruhida "Fulad" (Eron), "Al Hilol" (Saudiya Arabistoni) hamda "Lokomotiv" (O'zbekiston) jamoalari bilan bellashadi.

Shuningdek, futbolchiga Eronning OCHL bahslarida ishtirok etadigan jamoalaridan biri ham qiziqish bildirgan.

Yuqoridagi jamoalar bilan kelishuv amalga oshmagan taqdirda Sanjarga Toshkentning "Paxtakor", "Lokomotiv" hamda "Bunyodkor" jamoalari ham qiziqishmoqda. "Olmaliq" futbolchisi OCHLda o'ynashni istamoqda, Shoahmedovning yakunda qaysi jamoa tarkibiga borib qo'shilishini vaqt ko'rsatadi.

Eslatib o'tamiz, uning "Olmaliq" bilan tuzgan shartnomasi shu yil so'nggida o'z nihoyasiga etadi, birinchi yanvardan esa erkin agentga aylanadi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia