Ro'ziqul Berdiev: "Ko'p narsa Bobirning o'ziga bog'liq"

Aslanov Jasurbek
12 iyun 2021, 14:20
Qarshining "Nasaf" jamoasi Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

"Navbahor" raqiblik qilgan uchrashuvda "ajdarlar" 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Mazkur uchrashuvdan so'ng jamoa bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdievga bir nechta savollar bilan yuzlandik.

- "Nasaf"ning OFK kubogidan keyin Superliga bahslariga tayyorgarligi qanday ketmoqda?

- OFK kubogidan qaytganimizdan so'ng futbolchilarga 5 kun dam olish imkonini berdik. Shundan keyin sakkiz kundan iborat ikkita yig'in tashkil qilindi. Qarshidagi mashg'ulotlarda ikkiga bo'lingan holda o'yin o'tkazgan bo'lsak, mana kecha  "Navbahor" bilan Toshkentda o'rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdik. 

- Musobaqadan oldin agar jamoa keyingi bosqichga chiqsa tarkib kuchaytirilishini aytgandingiz. Xo'sh, bu borada harakatlar boshlanganmi?

- Jamoamizga yordam bera oladigan futbolchi izlamoqdamiz. Bazi bir variantlar ustida ishlar olib borilmoqda, deya olaman. Amalga oshsa bu haqida xabar beramiz.

- "Nasaf" ko'rigida bo'lib turgan "Mashal"ning nigeriyalik futbolchisi haqida nima deya olasiz?

- Ushbu futbolchi "Mashal"ning uslubiga mos kelmagani uchun bizga ko'rikka berishdi. Umuman kecha yomon taassurot qoldirmadi. Biroq uning klubi bilan shartnomasi bor. Markazda ham futbolchilarimiz ko'p. Yana o'ylab ko'ramiz. 

- "Nasaf"ning OFK kubogidagi keyingi raqibi  "Ahal" jamoasi. Raqiblar borgan sari kuchayib borishi tabiiy...

- "Ahal" haqida ma'lumotga egamiz. Ularning Qirg'izistondagi o'yinlarini ko'rib chiqdik. Uchrashuv sanasi aniq bo'lishiga qarab tayyorgarlik ko'ramiz. 

- Bobir Abdixoliqov ma'lum muddat jamoa mashg'ulotlarida ishtirok etdi. Uning kelajagiga qanday munosabat bildirasiz?

- Bobir biz bilan mashg'ulot o'tkazishni so'ragandi. Rahbariyat bilan o'rtada nima gaplar bo'lgan bilmadim. Uning o'zi Yevropada o'ynashni istamoqda. Bu qanchalik amalga oshadi, o'ziga bog'liq. Legionyerdan ko'p narsa talab qilinadi, albatta bunga tayyor bo'lish kerak.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia