Pro liga. Dinamo jamoasi tanishtiruv marosimini o'tkazdi

Narzulla Saydullayev
24 mar 2021, 08:29
Superliga va Pro liga klublari qatorida Samarqandning Dinamo jamoasi ham yangi futbol mavsumi oldidan futbolchilar taqdimot marosimini o'tkazdi.

2021 yilgi yangi futbol mavsumi boshlanishi oldidan o'tkazilishi anana tusini olgan tanishtiruv marosimida Dinamo futbol jamoasining bu yilgi yangi tarkibi, murabbiylar shtabi ommaga tanishtirildi. Samarqand shahridagi Yoshlar markazi katta zalida o'tgan tadbirda viloyat hokimligi, klub homiylari, mutasaddi rahbarlar va yuz nafarga yaqin eng faol muxlislar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimot marosimini Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Botir Nurullaev ochib berib, aslida tadbirni viloyat hokimi ochib berishi rejalashtirgani, biroq Erkinjon Turdimov ma'lum sabablar tufayli marosimga kela olmaganini aytib o'tdi.

Barcha futbol muxlislari va Dinamo futbol klubini boshlanayotgan yangi futbol mavsum bilan chin qalbdan qutlab qolaman. Ushbu marosimga viloyatimiz hokimi Erkinjon Oqbo'taevich kela olmagan bo'lsalar-da, u kishi viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari sifatida klub oldiga asosiy vazifa sifatida Superligani qo'yganlar. Shu jihatdan ham jamoaga tajribali mutaxassis Hakim Qayumovich Fuzaylov taklif etilgan. Jamoa Samarqand va Toshkentda yig'in o'tkazib, mavsumga puxta tayyorgarlik ko'rdi. Endi samarqandlik muxlislarni xursand etib, Superliga yo'llanmasi uchun kurashish kerak, - deydi Samarqand viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari Botir Nurullaev.

Shundan so'ng birin-ketin qarsaklar ostida Dinamo jamoasining barcha futbolchilari tanishtirilib, ularga liboslari topshirildi.

Shundan keyin jamoa bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov va faxriy hamda jonkuyar muxlislar so'zga chiqib, Dinamoni Superligaga qaytish uchun elkama-elka turib qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanliklari haqida aytib o'tishdi. O'z o'rnida jamoa sardori Obid Jo'raboev futbolchilar nomidan klub rahbarlari va muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.

Ma'lumot uchun, Dinamo jamoasi Pro liga 1-turi doirasida 24 mart, chorshanba kuni Samarqandda Sirdaryo viloyatining Yangier klubini qabul qiladi. Ko'hna shaharda yangi futbol mavsumiga start beradigan ushbu o'yin soat 18:00da boshlanadi.





O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia