PES 2014’da Paxtakor va Bunyodkor bo'ladi

Narzulla Saydullayev
29 avg 2013
Yaponiyaning Konami kompaniyasi PES (Pro Evolution Soccer) video o'yini uchun Osiyo Chempionlar ligasi uchun to'liq licenziya oldi.

Yaponiyaning Konami kompaniyasi PES (Pro Evolution Soccer) video o'yini uchun Osiyo Chempionlar ligasi uchun to'liq licenziya oldi. PESeditblog.com xabariga ko'ra, PES 2014’da Osiyo futbol klublarining bosh musobaqasi PES 2013’da qo'shilgan Libertadores Kubogi kabi alohida o'yin rejimi sifatida qo'shiladi.

PES 2014’dagi Osiyo Chempionlar ligasi rejimida Osiyoning jami 32ta klubi bo'lib, ular orasida O'zbekiston Oliy Ligasi vakillari – Toshkentning Paxtakor va Bunyodkor klublari ham bor. Qayd etish joiz, Paxtakor Osiyo Chempionlar ligasiga asos solinganidan beri – 2002 yilda musobaqalarda muntazam ishtirok etib keladi (qayd etish joiz, 2014 yilda ushbu anana buzilishi mumkin).

Mashhur Pro Evolution Soccer o'yinida Osiyo Chempionlar ligasini ham ko'rishdan juda ham xursandmiz, – dedi OFK Marketing qo'mitasi boshlig'i Hafiz al-Medlej Konami bilan shartnoma imzolanishiga bag'ishlangan tadbirda. TechniAsia.com blogi ma'lumotlariga ko'ra, Konami hozirgi vaqtda Yaponiya, Xitoy va Tailand chempionatlari licenziyasini olish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ma'lumot uchun, PES 2014’da Osiyo Chempionlar ligasidan tashqari, Argentina, Chili chempionatlari, shuningdek, Janubiy Amerika Kopa Sudamerikana va Rekopa Sudamerikana qita musobaqalari ham birinchi marta kiritilgan.

Microsoft Windows, PlayStation 3, PlayStation Portable, PlayStation 2, Xbox 360, Nintendo 3DS platformalarida o'ynash mumkin bo'lgan o'yinning demo versiyasini 11 sentyabr kuni internetdan ko'chirib olish mumkin. O'yin 20 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqida, 24 sentyabr kuni Shimoliy Amerikada rasman sotuvga chiqariladi. 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz