

Unga ko'ra, vakillarimiz "D" guruhida Vetnam, Hindiston va Yaponiya bilan keyingi bosqichga yo'llanma olish uchun bellashadilar. Yuqoridagi raqiblar va qur'a haqida terma jamoa bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaevning fikrlari bilan qiziqdik.
- To'rtinchi savatchadan o'rin olganimizni hisobga olsak, qur'a natijasi yomon bo'lmadi. Yaponiya so'nggi Osiyo kubogi g'olibi, ularga ortiqcha tarif shart emas. Hindiston so'nggi yillarda futboli juda tez rivojlanayotgan terma jamoalar sirasiga kiradi. Vetnam ham so'nggi musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Mamlakat futbolida xorijlik mutaxassislar ishlamoqda.
- Guruhimizda jamoalar o'rtasida katta farq ko'rmayapman. Ko'rinib turibdiki, bizni ajoyib o'yinlar kutmoqda. Biz minimum Jahon chempionatiga yo'llanma olishni, maksimum chempion bo'lishni maqsad qilganmiz. Turnirga bunday maqsad bilan borgan jamoa tabiiyki har qanday raqiblar bilan qo'rqmasdan o'ynashi va nimalarga qodir ekanligini isbotlashi kerak. Bizni ham Xudo qo'llab yigitlarga akalarini natijasini takrorlash nasib qilsin, deb qolaman.

- Tayyorgarlikka kelsak, oldimizda 2 oydan ko'proq vaqt bor. Bu degani kamida 2ta terma jamoa bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazamiz. Hozir O'FA xalqaro bo'limi buning ustida ishlamoqda. Tez orada raqiblar aniq bo'ladi.
- Tailandda iyun oyida juda issiq va namgarchilik yuqori bo'ladi. E'tibor bergan bo'lsangiz, guruhimizdagi barcha terma jamoalar deyarli shunday sharoitda yashashadi. Biz ham shu iqlimga moslashish uchun kerakli choralarni ko'ramiz. Xudo xoxlasa bu muammo tug'dirmaydi, degan umiddaman.
Abdulaziz Iskandarov yozib oldi



