"O'zbekiston Singapurga 7tadan ko'p gol uradimi?". Aziz Ibragimovning terma jamoadagi esda qolarli o'yini va bugungi uchrashuv oldidan fikrlari

Aslanov Jasurbek
7 iyun 2021, 10:56
O'zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2022 saralash bosqichini Singapurga qarshi uchrashuv bilan davom ettiradi.

Mazkur uchrashuv oldidan o'z vaqtida terma jamoamiz safida to'p tepgan, bevosita JCH-2010 saralash bosqichida Singapur bilan o'yinda raqib darvozasini ishg'ol qilgan Aziz Ibragimov bugungi bahs oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Bunday mas'uliyatli o'yinlarga kuchsiz jamoa ham yaxshigina tayyorgarlik ko'radi

"Raqib Singapur terma jamoasi bo'lsada, xotirjamlikka berilmaslik kerak. Bunday o'yinlarga barcha terma jamoalar yaxshi tayyorgarlik ko'radi, hatto kuchsiz baholangan jamoa ham. Hozirda terma jamoa jamoamiz ajoyib sport formasida. So'nggi ikki o'rtoqlik uchrashuvida vakillarimiz g'alaba qozonib kayfiyatni ancha ko'tarib oldi. Hamyurtlarimizga omad tilayman. Eldor Shomurodov o'z gollari bilan muxlislarni xursand qiladi, degan umiddaman. Bugun chiroyli o'yin bo'ladi va terma jamoamiz yakunda g'alabani o'ziniki qiladi",- deydi Aziz Ibragimov.



Singapur bilan 7:3 natijasi qayd etilgan o'yin xotiralari

"O'sha uchrashuvda juda yaxshi o'ynaganmiz, yakunda 7:3 hisobi bilan g'alaba qozonganmiz. O'yin qanday o'tganini hisobdan ham bilish mumkin. Bahsdagi gollardan biriga mualliflik qilgandim. Vaholanki bu paytlarda Singapurning yarim tarkibi mahalliylashtirilgan legionerlardan iborat edi. Nomlarga e'tibor qaratsangiz, buni bilib olish oson bo'ladi",- deydi Aziz Ibragimov

Bugun terma jamoamiz yuqoridagi rekordni yangilaydimi?

"Milliy jamoamiz bugun bundan ham ko'p gol ura  oladi. Tarkibimizda hujumkor va tezkor, texnik tomondan kuchli futbolchilar jamlangan",- deydi Aziz Ibragimov.


Terma jamoa libosidagi eng yodda qolgan o'yin

"Terma jamoada o'tkazgan eng yorqin paytlarim 2007 yilgi Osiyo kubogiga to'g'ri keladi. O'shanda juda yaxshi sport formasida edim. Chexiyada to'p tepardim. Rauf Inileev murabbiylik qilgan Malayziyadagi musobaqada yomon ishtirok etmaganmiz",- deydi Aziz Ibragimov

Katta futbol bilan xayrlashgan Aziz Ibragimovni endi murabbiy sifatida ko'ramiz 

"Hozirda murabbiylik licenziyalariga o'qimoqdaman. Nasib qilgani bo'ladi. Yaxshi murabbiy sifatida o'sishga erishish niyatim bor",- deydi Aziz Ibragimov.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia