JCH-2026. Norvegiya - Angliya (matnli translyatsiya)

12 iyul 2026, 03:00
JCH-2026 chorak final doirasidagi Norvegiya - Angliya o'yini boshlandi

Norvegiya - Angliya 1:1

Gollar: 1:0 – 36, Andreas Shelderup, 1:1 – 45+2, Jud Bellingem

Norvegiya: 1. Eryan Nyuland, 3. Kristoffer Ayer, 5. David Myoller Volfe, 6. Patrik Berg, 7. Aleksandr Syorlot (22. Oskar Bobb, 68), 8. Sander Berge, 9. Erling Xoland, 10. Martin Edegor (S), 17. Torbyorn Xeggem, 21. Andreas Shelderup (20. Antonio Nusa, 68), 26. Yulian Ryuerson (14. Fredrik Eursnes, 60)

Zaxira: 12. Sander Tangvik, 13. Egil Selvik, 2. Morten Torsbyu, 4. Leo Estigor, 11. Yorgen Strand Larsen, 15. Fredrik Andre Byorkan, 16. Markus Xolmgren Pedersen, 18. Kristian Torstvedt, 19. Telo Osgor, 23. Yens Petter Xauge, 24. Sondre Langos, 25. Xenrik Falxener

Angliya: 1. Jordan Pikford, 2. Ezri Konsa, 3. Niko O'Rayli, 4. Deklan Rays (21. Eberechi Eze, 46), 5. Jon Stounz, 6. Mark Gexi, 8. Elliot Anderson, 9. Xarri Keyn (S), 10. Jud Bellingem, 18. Entoni Gordon (24. Ris Jeyms, 71), 20. Noni Madueke (7. Bukayo Saka, 46)

Zaxira: 13. Din Xenderson, 23. Jeyms Trafford, 11. Markus Reshford, 12. Trevo Chaloba, 14. Jordan Xenderson, 15. Den Bern, 16. Kobbi Maynu, 17. Morgan Rojers, 19. Olli Uotkins, 22. Ayven Touni, 25. Jed Spens

78' – Angliyaning javob hujumi! Bukayo Saka qanotdan jarima maydonchasi ichiga juda xavfli uzatmani amalga oshirdi. To'p darvoza ustunining shundoqqina yonidan o'tib ketdi – yugurib kelayotgan Anderson to'pga biroz eta olmay qoldi. Aks holda, darvoza ishg'ol etilishi muqarrar edi.

76'XAVFLI VAZIYAT! Norvegiya terma jamoasi hisobni o'zgartirishga juda yaqin keldi. Burchak to'pidan so'ng tashkil etilgan xavfli hujum natijasida Volfe darvoza tomon bosh bilan zarba yo'lladi. Inglizlar baxtiga, to'p darvoza to'siniga tegib qaytdi! Mehmonlar muqarrar goldan qutilib qolishdi.

71' – Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi tarkibni yangilashda davom etmoqda.

68' – Norvegiya terma jamoasi bosh murabbiyi tarkibda bir yo'la ikkita o'zgarishni amalga oshirdi. Maydonni bugungi gol muallifi Andreas Shelderup va hujumchi Aleksandr Syorlot tark etishdi.

Ularning o'rniga o'yinni Oskar Bobb va Antonio Nusa davom ettiradigan bo'lishdi. Ular maydonga yangi kuch va tezlik olib kirishi kutilmoqda.

60' – Norvegiya terma jamoasi tarkibida majburiy o'zgarish. Joriy uchrashuvda jarohat olgan Yulian Ryuerson maydonni tark etishga majbur bo'ldi. Uning o'rniga o'yinni 14-raqamli futbolchi Fredrik Eursnes davom ettiradigan bo'ldi.

55' – Vaziyat jiddiy! Bosh hakam VAR tizimiga murojaat qildi va monitor yoniga borib vaziyatni ko'zdan kechirdi. Aniqlanishicha, burchakdan to'p uzatilayotgan paytda Erling Xoland Angliya yarim himoyachisi Andersonni turtib yuborgan ekan. Hakam qoida buzilganini qayd etdi – gol bekor qilindi! Burchak to'pi qaytadan amalga oshiriladigan bo'ldi.

55'GOOOOL!!! NORVEGIYA YANA OLDINDA!!! Mezbonlar burchak to'pidan unumli foydalanishdi. Burchakdan uzatilgan to'pga norvegiyalik futbolchi kuchli zarba yo'lladi – Jordan Pikford dastlabki zarbani qaytarishga ulgurdi. Biroq qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Torbyorn Xeggem uni darvozaga joylab qo'ydi – 2:1!

52' – Norvegiyadan kutilmagan xavfli hujum! Aleksandr Syorlot jarima maydonchasining o'ng burchagidan hamma uzatma kutgan bir paytda darvozaga kuchli zarba yo'lladi. Biroq Jordan Pikford sergaklikni yo'qotmadi va to'pni qaytarib yuborishga erishdi.

48' – Jarima zarbasini Eberechi Eze ijro etdi. Biroq uning yo'llagan zarbasi jarima maydonchasi ichida turgan o'z jamoadoshiga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. To'p norvegiyaliklarga o'tmoqda.

46' – Xarri Keyn raqib jarima maydonchasi yaqinida himoyachilar tomonidan yiqitildi. Bosh hakam qoida buzilganini qayd etdi – Angliya terma jamoasi juda xavfli nuqtadan jarima zarbasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

46' – Ikkinchi bo'lim boshlanishi bilan Angliya terma jamoasi tarkibida ikkita o'zgarish amalga oshirildi. Maydonni 20-raqamli futbolchi Noni Madueke va 4-raqamli Deklan Rays tark etishdi. Ularning o'rniga o'yinni 7-raqamli Bukayo Saka hamda 21-raqamli Eberechi Eze davom ettiradigan bo'lishdi.

46' – Ikkinchi bo'lim boshlandi! Hakam hushtagini chaldi va bu safar maydon markazidan to'pni Angliya terma jamoasi futbolchilari o'yinga kiritib berishdi. Qani, ko'ramiz, ikkinchi bo'lim bizga qanday sovg'alar tayyorlagan ekan.

45+5' – Birinchi bo'lim yakunlandi! Hakam jamoalarni tanaffusga taklif qiluvchi hushtagini chaldi.

Jozibali va shiddatli kechgan dastlabki 45 daqiqalikdan so'ng tabloda jangovar durang – 1:1. Biroz dam olamiz va ikkinchi bo'limni kutamiz.

45+4' – Angliya yana gol urdi, ammo hisob o'zgarmadi! Jud Bellingemning ajoyib pasidan so'ng, Xarri Keyn raqib jarima maydonchasi ichiga kirib bordi va to'pni darvozabon ustidan “parashyut” uslubida tashlab qo'ydi. Biroq qanot hakami bayroqchasini ko'tardi – ofsayd sababli gol inobatga olinmadi.

45+2'GOOOOL!!! ANGLIYA HISOBNI TENGLASHTIRDI!!! Birinchi bo'lim tugashi arafasida mehmonlar muhim golni urishmoqda. Jud Bellingem katta tezlikda raqib jarima maydonchasi ichiga kirib bordi va chap oyoqda darvozaning olis burchagini aniq nishonga oldi. Nyuland jamoasini qutqara olmadi – 1:1!

45' – Birinchi bo'limning asosiy vaqti tugadi. Bosh hakam tomonidan birinchi bo'limga 4 daqiqa vaqt qo'shib berildi.

44' – Norvegiyada juda qulay imkoniyat boy berildi! Mezbonlarning ikki hujumchisi Angliyaning birgina himoyachisiga qarshi vaziyatda qolib ketgandi. Biroq Aleksandr Syorlot qaror chiqarish va zarba berishda kechikib qoldi, vaholanki qulayroq vaziyatda turgan Erling Xoland undan pas kutayotgan edi. Himoyachi xavfni bartaraf etdi.

40' – Mehmonlar darvozasi oldida yana bir xavfli vaziyat! Martin Edegor qulay nuqtadan darvozaning yaqin pastki burchagini nishonga oldi. Zarba aniq va xavfli chiqdi, biroq Jordan Pikford katta qiyinchilik bilan to'pni egallab olishga erishdi.

39' – Norvegiya hisobni oshirishi mumkin edi! Aleksandr Syorlot jarima maydonchasi ichida qulay poziciyaga chiqib bordi va chap oyoqda kuchli zarba yo'lladi. Biroq uning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi – to'p darvoza yuqorisidan o'tib ketdi.

36'GOOOOL!!! NORVEGIYA HISOBNI OCHMOQDA!!! Kutilmagan va ajoyib gol! Andreas Shelderup jarima maydonchasi burchagida to'pni qabul qildi. Hamma undan uzatma kutgan bir vaqtda, u darvoza tomon kuchli va aniq zarba yo'lladi. Pikford bunday zarbani kutmagandi, to'p to'rga borib tushdi – 1:0!

33' – Ingilizlar himoyasida jiddiy xato! Jon Stounz to'pni uzatishda xatoga yo'l qo'ydi, biroq Erling Xoland katta tezlikda yugurishiga qaramay, to'pga eta olmadi. Darvozabon Jordan Pikford epchillik ko'rsatib, oldinga chiqdi va xavfni bartaraf etdi.

32' – Maydon markazida qoida buzildi. Entoni Gordonga nisbatan Yulian Ryuerson qo'pollik ishlatdi. Hakam o'yinni to'xtatib, Angliya foydasiga standart vaziyat belgiladi. Mehmonlar to'pni yana o'yinga kiritishadi.

29' – Xavfli vaziyat! Jarima to'pini Angliya terma jamoasi sardori Xarri Keyn ijro etdi. Uning darvoza tomon yo'llagan juda kuchli zarbasidan so'ng to'p to'sin yuqorisidan o'tib ketdi.

28' – Norvegiya jarima maydonchasi yonida xavfli vaziyat! Kristoffer Ayer o'z darvozasi yaqinida qoidani buzdi va Jud Bellingemni yiqitdi. Hakam vaziyatga yaqin edi va darhol hushtagini chaldi – Angliya foydasiga juda qulay nuqtadan jarima to'pi belgilandi.

23' – Angliyaning navbatdagi hujumi samarasiz yakunlandi. O'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatilgan xavfli pasni Niko O'Rayli o'ziga bo'ysundira olmadi.

16' – Endi Angliya chap qanotdan hujum tashkil etdi. Entoni Gordon tezlik bilan oldinga intilib, to'pni markazga, jarima maydonchasi ichiga uzatdi. Biroq Norvegiya himoyachisi o'z o'rnida ishonchli o'ynab, xavfni bartaraf etdi – to'p maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Mehmonlar burchak to'pini amalga oshirishadi.

7' – Hakam o'yinni to'xtatdi. Angliya terma jamoasining navbatdagi hujumida Noni Madueke qanotda to'pni qabul qilayotgan paytda chiziq hakami bayroqchasini ko'tardi – ofsayd. To'p mezbonlarga topshirilmoqda.

2' – Angliya terma jamoasidan ilk xavfli yurish. Noni Madueke o'ng qanotdan tezlik evaziga oldinga intilib, jarima maydonchasi ichiga uzatma amalga oshirdi. Biroq uzatma noaniq ketdi.

1' – Hakamning hushtagi yangradi va o'yinga start berildi! Uchrashuvni Norvegiya terma jamoasi futbolchilari markazdan boshlab berishdi. Qani ketdik!

Jamoalar yashil maydonga chiqib kelishdi! Stadion uzra ikki davlatning milliy madhiyalari yangradi. Futbolchilar madhiyalarni tinglab bo'lib, bir-birlari bilan qo'l berib ko'rishishmoqda va o'z poziciyalarini egallashga shaylanishmoqda. Uchrashuv boshlanish arafasida!

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia