Nodirbek To'ychiev: "Kelasi yili oliy ligada "Andijon"dan umidimiz katta"

Narzulla Saydullayev
30 okt 2013, 20:18
Yurtimizda futbol mavsumi yakunlanib bormoqda. O'tgan yakshanba kuni birinchilik bahslari nihoyasiga etdi.
Kutilganidek, “Andijon” va “Mashal” jamoalari mavsumni ko'tarinki ruhda o'tkazib oliy liga yo'llanmasini qo'lga kiritishdi. “Andijon”ning bir yil ichida kuchlilar safiga qaytishida rahbariyat, murabbiylar va futbolchilardan tashqari jamoamiz muxlislarining ham o'ziga yarasha hissasi bo'ldi. Umuman olganda, “Andijon” jamoasining qanday muxlislari borligini hamma yaxshi biladi. Birinchi liga yakunlangani bois “Andijon” fan-klubi raisi Nodirbek To'ychiev bilan suhbatlashdik.

- Avvalombor, jamoamiz oliy ligaga chiqqani bilan barcha muxlislarni tabriklayman, - deb so'zini boshladi To'ychiev. - “Andijon” fan-klubi joriy mavsumda o'z ishini sitqidildan bajardi. Garchi birinchi ligada to'p surganiga qaramay, biz jamoamizni xuddi oliy ligada bo'lganidek qo'llab-quvvatladik. Shuni aytishim kerakki, ko'pchilik o'tgan yili Azamat Abduraimov “Andijon”ni birinchi ligaga tushirib yubordi deb o'ylagan bo'lishi mumkin. Lekin unday emas. Yil boshida Aleksandr Averyanov selekciya ishlarini ko'ngildagidek olib bormagani jamoamizni muvaffaqiyatsizlikka olib kelgandi. To'g'ri, Abduraimov bosh murabbiyligi paytida jamoamiz oliy ligani tark etdi. Shunga qaramay, bu murabbiyga ko'proq va imkoniyat berish kerak. Qolaversa, muxlislar ham murabbiyni tushunishlari lozim. Agar 5-6 yil imkoniyat berilsa, har qanday murabbiy yaxshi jamoa shakllantira oladi. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi. Garchi, vazifa muddatidan oldin bajarilgan bo'lsa-da, jamoamiz safardagi so'nggi ikkita uchrashuvni ham g'alaba bilan yakunladi. Balki ayrim ishqibozlar oxirgi o'yinlar ahamiyatsiz va “Andijon” yutqazadi deb o'ylagan bo'lishlari mumkin. Yana bir bor oliy liga bilan barchani tabriklayman. 

- “Andijon”ni bir yil ichida kuchlilar safiga qaytishiga muxlislar ishonishganmidi?

- Ha, bunga yuz foiz ishongandik. Ko'rdinglar, jamoamiz mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazib o'z oldiga qo'ygan vazifani uddaladi. 

- Endi kelasi yili oliy ligada stadionda muxlislar soni ko'paysa kerak?
- Kalasi yili “Andijon” jamoasining tashkil etilganiga 50 yil bo'ladi. Oliy ligaga chiqib jamoamiz bu bayramga munosib sovg'a qildi. Ishoanmizki, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin va Ro'ziqul Berdiev singari Azamat Abduraimov ham oliy ligada o'zini ko'rsatadi. Xudo xohlasa, jamoamiz chiroyli o'yinlar ko'rsatsa stadionga muxlislar albatta qaytishadi. Baribir oliy va birinchi liga o'rtasida er bilan osmoncha farq bor. Kelasi mavsumda ishqibozlar hamda fan-klubimizni “Andijon”dan umidi katta. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: andijon-pfc.uz