"Navbahor"ning moliyaviy muammolariga qachon barham beriladi?

Narzulla Saydullayev
9 may 2014, 08:36
Oliy liganing 7-turidan so'ng turnir jadvalida 6-o'rinda borayotgan "Navbahor"dan muxlislari minnatdor bo'lsa arziydi.
Chunki moddiy jihatdan nisbatan o'zidan ko'ra barqaror bo'lgan klublardan ancha ilgarilab ketgan lochinlar garchi mooliyaviy tomondan o'z vaqtida rag'batlanmayotgan bo'lsada har bir uchrashuvda jiddiy kurashmoqda. Yodingizda bo'lsa mamlakat Kubogi 1/16 final bosqichi o'yini oldidan "Navbahor"ning 5 nafar asosiy tarkib futbolchisini maydonga tushishi taqiqlangandi. Chunki PFLga badal puli o'tkazib berilmagani uchun shunday jazo qo'llanilgandi.

Ushbu muammo hanuzgacha bartaraf etilmagan. Bu ketishda PFL yanada keskin chora ko'rishi aniq. Olingan ma'lumotlarga ko'ra "Navbahor"da bu yil pul yo'q emish.

Futbolchilar joriy yil hisobidan haligacha birorta ham oylik olishmagan. O'zini nomini sir saqlashi sharti bilan bizga ma'lumot bergan shaxsning aytishicha, futbolchilar 1-2ta o'yinga mukofot pulidan tashqari boshqa oyliklarni olisholmayapti. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov yil boshida jamoaga yetakchi va shu bilan birga nomdor o'yinchilarni deyarli tekinga olib kelgandi. Ammo moliyaviy muammolar ko'payib borayotgani ham murabbiy va futbolchi o'rtasidagi munosabatni iliqligiga salbiy ta’sir o'tkazib qo'yishi mumkin.

Shunday muammolar bo'lsada jamoaning 6-o'rinni egallab turgani bir tomondan kishini xursand etmay qolmaydi. Albatta bunda murabbiyning roli katta. Ammo moliyaviy muammolar bartaraf etilmas ekan, bu natijani ushlab turish oson bo'lmaydi. Bu ketishda jamoa ikkinchi davrada tarqalib ketish havfi ham borligini aytib o'tish kerak. O'zingiz o'ylang natija yaxshi bo'lsa-yu, rahbariyat tomonidan shunga munosib ravishda rag'bat bo'lmasa kimning ham jamoada qolgisi keladi. Bunday paytda bosh murabbiyga ham oson emas. Futbolchilarni ruhiy tomondan ming zo'r tayyorlamasin, baribir moddiy jihat birinchi o'ringa chiqadi. Axir kim ham quruq rahmat yoki maqtovga ishlagisi keladi.

Olgan ma'lumotlarimizga ko'ra, PFL hisob raqamiga haligacha badal po'li o'tkazilmagan. Ko'ramiz PFL "Navbahor" klubiga yana qancha muddat berarkin. Yoki namanganliklar qachon badal pulini to'liq o'tkazib berarkin.   

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia