"Navbahor": Ikkinchi davrga tayyorgarlik 8 iyuldan boshlanadi

6 iyul 2015, 01:45
Navbahor 1 iyul kuni bo'lib o'tgan so'nggi uchrashuvdan keyin yozgi tatilga chiqqandi.

Rejalarga ko'ra lochinlar ikkinchi davraga tayyorgarlikni 8 iyuldan boshlashadi. Shu kunlarda jamoa bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovni viloyat rahbarlari bilan uchrashishi ko'zda tutilgan. Aynan ushbu uchrashuvdan so'ng Ashurmatovni klubdagi kelgusi faoliyatiga oydinlik kiritiladi. Agarda murabbiy Navbahordagi ishini davom ettirsa, o'ylab qo'ygan rejalarini amalga oshirishga kirishadi. 

Ma'lum bo'lishicha, Baxtiyor A'zamovich jamoani kuchaytirish maqsadida bir qator futbolchilarni jamoaga jalb qilishni mo'ljallab qo'ygan. O'z navbatida mavsumning birinchi yarmida ishonchni oqlamagan futbolchilar bilan xayrlashiladi. Bu boradagi ma'lumotlar ham viloyat rahbarlari bilan o'tkazilgan uchrashuvdan so'ng muxlislarga ma'lum qilinadi. 

Mavsum boshida birinchi liga vakili Uychining Xotira-79 jamoasiga ijaraga berilgan himoyachi Botir To'raboev va yarim himoyachi G'ayrat Jo'raevlar birinchi bosqich yakunlangach, Navbahorga qaytishadi. 

Navbahor ikkinchi davraga tayyorgarlikning asosiy qismini Toshkentda olib boradi. Murabbiylar shtabi, Namangan viloyatida etarli sharoitlarni mavjud emasligi va o'yin amaliyotini saqlab turish uchun munosib raqibni yo'qligi bois poytaxtda shug'ullanishni lozim topishgan ko'rinadi.


Manba: pfcnavbahor.uz