"Nasaf" PFK muxlislari yig'ilishi to'g'risida hisobot

Narzulla Saydullayev
15 dek 2013, 14:01
Avval xabar berganimizdek, kecha "Nasaf" futbol klubi faol muxlislari yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda muxlislar klubi faoliyatiga oid bir qator masalalar ko'rib chiqildi. Yig'ilishni muxlislar klubi jonkuyarlari O'ktam O'zoqov, Ziyodulla Safarov, Salohiddin Samadovlar boshqarib borishdi. Shuningdek yig'ilishda “Nasaf” PFK matbuot xizmati rahbari Aziz Nurov ham hozir bo'ldi

Yig'ilish kun tartibida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

1. “Nasaf” muxlislar klubining 2013 yilgi mavsumdagi faoliyati haqida hisobot.
2. Muxlislar klubining yangi 2014 yilgi mavsumdagi rejalari haqida.
3. voha.uz – futbol muxlislari saytini qo'llab-quvatlash va sayt faoliyatini yanada rivojlantirish haqida
3. Yaqin kunlarda o'tkaziladigan tadbirlar haqida.

Yig'ilishda "Nasaf" muxlislar yetakchisi O'ktam Uzoqov 2013-yilda qilingan ishlar haqida hisobot berdi.

Quyida ana shu hisobotdan qisqacha iqtibos keltiramiz: "Yakunlangan mavsumni yaxshi o'tkazdik. Chempionat boshida "Nasaf" jamoamizni kuchli 10 likka kirsa ham katta gap deb, o'zicha fikr bildirganlar bo'ldi. Biroq Berdiev jamoasi chempionat oxirigacha chempionlik uchun kurashdi. O'zbek klublari muxlislari bo'yicha ham biz kuchli 3 talikdamiz. Joriy mavsumdagi rejalalarimizni to'liq amalga oshirdik. Bu yilgi mavsumda qator tadbirlarni amalga oshirdikki, bu muxlislar uchun ham, jamoamiz futbolchilari uchun juda qiziqarli bo'ldi, jumladan biz jamoamizning har bir  uy o'yinlarida, o'tgan uchrashuvda o'zini ko'rsatgan yaxshi o'yinchilarni muxlislar klubi tomonidan taqdirlab bordik. Bundan tashqari muxlislar o'rtasida ham bir qancha viktorinalar tashkil etilib, ularga maxsus sovg'alar ulashdik. Bunaqa tadbirlar qatori nasib etsa yangi mavsumda yanada ko'payadi. “Nasaf” futbol klubiga bo'lgan etirof va ishonch oshib bormoqda, buni kelgusida “Nasaf” futbol klubi rahbarlari bilan hamkorlikda yanada rivojlantirish to'g'risida rejalar tuzayapmiz. Fursatdan foydalanib, bu yilgi mavsumda jamoamizni biz bilan elkama elka turib chin dildan madadkor bo'lgan barcha muxlislarga kattadan – katta rahmatlar aytaman”, - deydi O'ktam Uzoqov.

Shundan so'ng muxlislik madaniyati haqida so'z bordi. Ammo oramizda muxlislik madaniyatiga rioya qilmaydigan muxlislar ham uchrab turibdi, biz yangi mavsumda ana shunday muxlislarni tartibga chaqirib, ular bilan maxsus ishlar olib borish rejamizda bor. Joriy yildan boshlab, klubimizga xotin-qizlar ham a'zo bo'lishni boshlashdi, kelajakda a'zolarimiz orasida oilaviy muxlislar ham ko'payishiga ajablanmayman, klub rahbarlari shunday muxlislar uchun stadionda alohida sektorlar tashkil etishmoqda,  shunday ekan muxlislar madaniyatini futboldek katta spektaklni stadionda bevosita tomosha qilib, chiroyli hordiq chiqarish darajasiga chiqarishimiz kerak, toki bizga hamma havas qilishsin.O'ktam Uzoqov so'zida davom etar ekan 2014-yilda qilinadigan ishlar klub rejasi haqida ham yig'ilish ishtirokchilariga ma'lumot berib o'tdi. "Yangi boshlanajak mavsumga klubimizga a'zo bo'lishni istaganlar 16-dekabr dushanba kunidan boshlab, bizga murojaat qilishlari mumkin. Biz faqat fidoyi yuragida o'ti bor va  faqat "Nasaf" deydigan muxlislarni saralab olishni rejalashtirmoqdamiz va bizning asosiy maqsadimiz muxlislik madaniyatini yanada shakllantirish. . Shulardan biri shahrimizda qolaversa viloyatimizda  foliyat yuritayotgan o'quv yurtlarida ham muxlislar klublari tashkil qilish niyatimiz bor. Bunaqa klublar kelgusida albatta ko'payadi va ularning yetakchilari orqali ularning faoliyati boshqarib boriladi. Ular orqali futbolga, asosan klubimizga bo'lgan ishonch va yaqinlikni paydo qilish qilish niyatimiz bor. “Nasaf” futbol klubini endilikda nafaqat mamlaktimizda balki qitamizda, qolaversa boshqa xorijiy yurtlarda ham bilishadi. Buni bizga bo'layotgan murojaatlaridan bilib turibmiz. Demak, bizda va futbol klubimizda imkoniyatlar juda katta, “Nasaf” doimo oldinga yurishda davom etmoqda, bu xayrli ishda biz ham o'z hissamizni qo'shishdek baxtga muyassar bo'layotganimizdan minnatdormiz. Kelayotgan mavsumda biz "Nasaf" ning faol muxlislariga maxsus futbolkalar tayyorlamoqdamiz va u futbolkalar egalariga stadionga bepul kirish huquqini beradi. Yani o'sha maxsus futbolkani kiygan muxlisdan stadionga kirish uchun bilet talab qilinmaydi. Bunaqa futbolkalar sotuvga ham chiqarilmaydi va maxsus belgi bilan faol muxlislarga taqdim etiladi."

Yig'ilishda muxlislar klubi jonkuyarlaridan Ziyodulla Safarov o'z fiklarini bildirdi, jumladan: “Endi muxlislarimiz uchun alohida voha.uz veb sayti faoliyat yuritmoqda bu sayt orqali futbol klubimiz hayoti va biz muxlislar klubining ishlari haqida butun jahon o'qib bilmoqda, ushbu saytni jamoatchilik va shaxsiy jonbozligi evaziga yuritishda vaqtini ayamayotgan do'stlarimizga barcha muxlislarimiz tomonidan tashakkurlar izhor etaman. Biz muxlislar saytimiz faoliyatini yanada rivojlantirish uni moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida ham izlanishlar olib borayapmiz va bu maqsadga ham albatta erishamiz. Saytimiz orqali yangi mavsumda muxlislarimiz uchun bir qancha tadbirlarni tashkil qilish rejamizda bor, umid qilamanki bu tadbirlar orqali muxlislarimizni jamoamizga bo'lgan ishonchi va yaqinlashuvini rivojlantirishga erishamiz”, - deydi Ziyodulla Safarov.

Shuningdek yig'ilishda yangi yil bayrami oldidan muxlislar va jamoa futbolchilari hamda murabbiylar bilan bir piyola choy ustida do'stona o'zaro suhbat uyushtirish haqida kelishib olindi va bu tadbirni tashkil qilish va o'tkazish uchun masul kishilar saylab olindi.

Yig'ilishda muxlislar klubining a'zolari ham so'zga chiqishdi va o'zlarining  taklif va mulohazalari bilan o'rtoqlashishdi, shulardan biri Abror Xurramov: - "Biz mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha muxlislar klublari bilan yaxshi aloqadamiz. Ular bilan suhbatlashib turamiz, o'zaro tajriba almashamiz, fikrlarimiz bilan o'rtoqlashamiz. Ushbu do'stona aloqalarni yangi 2014 yilgi mavsumda ham davom ettirsak. O'tgan mavsumda jamoa murabbiyi Ro'ziqul Berdiev o'zining sai harakatlari evaziga biz muxlislarda jamoamizga bo'lgan ishonch va umidni qayta paydo qildi, u kishiga bu harakatlari uchun uchun tashakkur bildiramiz. Albatta, oldimizda mamlakatimiz milliy chempionati oldidan OCHL pley off uchrashuvlari kutib turibdi. Hozir biz faol muxlislar bilan jamoamizni safarda bo'ladigan ana shu uchrashuvlarda ham qo'llab-quvvatlash rejalarini tuzayapmiz. Umid qilamanki jamoamiz bor mahorati va kuchini namoyish qilib, ana shu qitamizning nufuzli musobaqasining to'liq ishtirokchisiga aylanishga harakat qiladi”.

Yig'ilish rasman yakuniga etkandan so'ng ham do'stona suhbat uzoq davom etdi. Ishtirokchilar  bunday yig'inlarni tez-tez o'tkazib turish foydadan holi bo'lmasligini ham takidlashdi.

Ulug'bek Yahyoev tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: voha.uz