Maksim Shackix: "Hatto yutganimizda ham durangga loyiq o'yin bo'ldi derdim"

Administrator
12 avg 2025, 23:56
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Andijon" - "Navbahor" (0:1) uchrashuvidan so'ng "Andijon" bosh murabbiyi Maksim Shackix matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Durangga mos o'yin edi. Bazan shunaqasi bo'lib turadi, raqib bir marta hujumga o'tib gol urib yutib ketadi. Bugun shunaqa o'yin bo'ldi. Biz ham ko'p vaziyat yaratmadik. Lekin o'yin tomonlama bugun yaxshiroq edik. Bu - futbol, mag'lubiyat doim yoqimsiz. Yana qaytaraman, durangga mos bahs kechdi. O'yinni tahlil qilib xatolarni o'rganamiz.

- Bu mag'lubiyatda o'zingizni aybdor deb bilasizmi?

- Albatta. Yana kim aybdor bo'lishi mumkin? Jamoa yutqazsa har doim murabbiy aybdor bo'ladi. Balki noto'g'ri almashtirish qilgandirman. Balki tarkib tanlashda adashgandirman. Balki futbolchilarni ruhan tayyorlay olmagandirman. Lekin ikkinchi tomondan bunday o'yinlarga ortiqcha gapirish shart emas. Kuchli jamoalar bilan hamma o'zini ruhan tayyorlay olishi kerak. Nimayam derdim, hayot davom etadi. Hatto yutganimizda ham durangga loyiq o'yin bo'ldi derdim. Bekitadigan narsa yo'q, men doim rost gapiraman. Bitta zarba, bitta gol. Bizdayam zarba bo'ldi, lekin golga aylanmadi. Har kuni mashg'ulotlarda zarbalarni golga aylantirish ustida ishlaymiz, ammo o'yinga kelganda omad kelmayapti. Nima uchun shunday bo'layotganini tushunmayman.

- Ikkinchi bo'limda Kreziu Altinni maydonga tushirsa bo'lmasmidi?

- Bir narsani hisobga oling, Kreziu Altin tayanch yarim himoyachisi. U orqaroqda o'ynaydi. Biz esa hujumni kuchaytirish uchun oldinga futbolchi tashlashimiz kerak edi. Yutish uchun e'tiborni hujumga qaratdik. Shu bois hujumkor yarim himoyachini maydonga tushirdik. Altin esa himoyaviy o'yinchi. Shuning uchun uni bugun maydonga tushirgandan mani yo'q edi.

- Saidnurullaev o'rniga Islom Mamatkazin tushirildi.

- O'yin oxirlariga kelib "ikkinchi qavat"dagi kurashlar avj oldi. Bosh bilan yaxshi o'ynagani uchun Mamatkazinni maydonga tushirdik. Balki standart vaziyatda foydasi tegib qolar deb o'yladik.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia