Legionerlarga umumiy sharh

Narzulla Saydullayev
13 may 2013, 11:29
Xorij chempionatlarida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasining bir nechta a'zolari o'tayotgan haftaning dam olish kunlari o'z klublari safida rasmiy o'yinlarda maydonga tushishdi.
ROSSIYA
Mahachqalaning Anji klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov Rossiya premer-ligasining yakuniga etgan turida safarda Grozniyning Terek klubiga qarshi uchrashuvning asosiy tarkibida maydonga tushdi va 60-daqiqada o'z o'rnini jamoa hujumchisi Samuel Eto′Oga bo'shatib berdi. O'yin Terekning 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakun topdi. Qozonning Rubin klubi yarim himoyachisi Vagiz Galiulin bu turda ham jamoa qaydnomasidan o'rin olmadi.

Moskvaning Lokomotiv klubi himoyachisi Vitaliy Denisov navbatdagi turda ham o'z jamoasi asosiy tarkibida maydonga tushdi. Temiryo'lchilar 12 may kuni kuni o'z maydonida SSKAni qabul qildi va 1:4 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Denisov uchrashuvda to'liq 90 daqiqa harakat qildi.

QOZOG'ISTON
11 may kuni Qozog'iston premer-ligasida 10-tur uchrashuvlari bo'lib o'tdi. O'zbekiston milliy terma jamoasi hujumchiisi Ulug'bek Baqoev to'p surayotgan Pavlodarning Irtish klubi 11 may kuni safarda Tobol jamoasiga qarshi to'p surdi. Baqoev ushbu uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va 56-daqiqada almashtirildi. O'yinda hisob ochilmagan - 0:0

Uch nafar o'zbekistonlik futbolchilar - Marat Bikmaev, Aleksandr Geynrix hamda Temur Kapadzelar to'p suradigan Aktobe klubi 11 may kuni safarda Olma-Otaning Qayrat jamoasiga qarshi to'p surdi. O'zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Temur Kapadze ushbu uchrashuvda 90 daqiqa harakat qilgan bo'lsa, o'yinni asosiy tarkibda boshlagan Aleksandr Geynrix 59-daqiqada almashtirildi. Avvalgi turda jarohat olib, nomalum muddatga safdan chiqqan Marat Bikmaev o'yin qaydnomasiga kiritilmagan. Avvalroq xabar berganimizdek, ushbu uchrashuvni O'zbekiston milliy terma jamoasi katta murabbiyi Shuhrat Maqsudov bevosita stadiondan turib kuzatgan.

XITOY
10-12 may kunlari Xitoy superligasida 9-tur uchrashuvlari bo'lib o'tdi. O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri - Anzur Ismoilov to'p suradigan Changchun Yatay o'z maydonida Guijou klubiga qarshi to'p surdi (0:1). Ismoilov uchrashuvda to'liq 90 daqiqa harakat qildi. Milliy terma jamoaga nomzod bo'lgan yani bir himoyachi Kamoliddin Tojiev ham yakuniga etgan turda o'z jamoasi Jiangsuning asosiy tarkibda safarda Tianjin Teda klubiga qarshi maydonga tushdi va 90 daqiqa o'ynadi. O'yinda 1:1 hisobi qayd etildi.

Milliy terma jamoaga nomzod bo'lgan himoyachilardan biri, Shavkat Mullajonov Xitoy chempionatining yakuniga etgan turida, o'z jamoasi - Liaoning jamoasi safida asosiy tarkibda maydonga tushdi va to'liq 90 daqiqa o'ynadi. Liaoning ushbu turda o'z maydonida Vuxan ustidan 3:2 hisobida g'alaba qozondi.

JANUBIY KOREYA
12 may kuni Janubiy Koreya K-Ligasida ham navbatdagi tur o'yinlari bo'lib o'tdi. K-Liga ishtirokchisi Seongnam Ilva Chunma klubi safida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov 12 may kuni o'z jamoasi bilan safarda Gangvon klubiga qarshi to'p surdi. Jeparov uchrashuvda to'liq 90 daqiqa harakat qilgan. O'yin 2:1 hisobida Gangvonning g'alabasi bilan yakuniga etgan.

BAA
O'zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Haydarov to'p surayotgan Dubayning Ash-Shabob klubi 9 may kuni mamlakat chempionati bahsida o'z maydonida Kalbaning Al Ittihod klubi bilan o'ynadi va 3:2 hisobida g'alaba qozondi. Takidlash joiz, Ash Shabob jamoasi 6 may kuni Prezident Kubogi bahsida maydonga tushgan edi va shu sababdan dubayliklar chempionat o'yinida jamoaning bir nechta yetakchi futbolchilari qatorida Aziz Haydarovga ham dam berishgan.
   

manba: the-uff.com

Narzulla SaydullayevMuallif