Ixtiyor Karimov: "Mag'lubiyatga uchrayotib, so'nggi soniyalarda g'alabani ilib ketdik"

Narzulla Saydullayev
26 avg 2016, 08:12
“Sho'rtan” va “Navbahor” jamoalari uchrashuvidan keyin o'tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Sho'rtan” jamoasi bosh murabbiyi Ixtiyor Karimov OAV vakillarining savollariga javob berdi:
- Bugungi o'yin chiroyli va mazmunli tarzda o'tdi. Bundan tashqari har ikki jamoaga ham maydonda og'ir bo'ldi. “Navbahor” jamoasi a'zolari bahs davomida bizga etarlicha qarshilik ko'rsata olishdi. Himoyada bexato harakat qilib, ko'plab imkoniyatlarimizni zoe ketishiga sababchi bo'lishdi. Birinchi bo'limda gol urish uchun bir nechta vaziyatlarga ega bo'lgandik. Tanaffusdan keyin esa o'zinglar guvohi bo'lganlaringdek, mag'lubiyatga uchrayotib, so'nggi soniyalarda g'alabani ilib ketdik. Barcha futbolchilarimizga oxirigacha harakat qilishgani uchun rahmat aytaman.

G'uzorlik muxlislarni esa g'alaba bilan tabriklayman. “Navbahor” biz uchun kuchli raqib sanaladi. Futbolchilarimiz raqibni mensimagandek tarzda to'p surishgani sababli boshida oson bo'lmadi. O'z-o'zidan g'alaba qozonib bo'lmasligini uchrashuv ko'rsatib berdi. Yigitlar o'yin oxirlarida mas'uliyatni oshirgan holda to'p surib, yuzaga keltirilgan imkoniyatlardan samarali tarzda foydalanib, yutuqni qo'lga kiritishdi. Yigitlarga yakuniy lahzalarda sovuqqonlik yetishmayapti. Mashg'ulotlar davomida ana shunday kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz