Intervyu. Sanjar Shoahmedov: "Metallurg"ning yuqori maqsadlari bu klubga kelishimda hal qiluvchi omil bo'ldi"

Sherzod Nurmatov
16 fev 2026, 11:51
Bekobodning "Metallurg" klubi yangi mavsum oldidan tajribali futbolchilarni jamlashga e'tibor qaratmoqda.

Jamoaga qo'shilgan o'yinchilardan biri - Superliga klublari safida yorqin o'yinlari bilan tanilgan yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov. Futbolchi bilan yangi mavsum, o'tmish xotiralari va rejalari haqida suhbatlashdik.

- O'tgan mavsumda faoliyatingizni yakunlashingiz haqida xabarlar tarqalgandi…

- Bu gaplarni birinchi bor sizdan eshityapman. Faoliyatimni tugatish haqida o'ylamaganman. Shunchaki biroz dam oldim. Keyin “Metallurg”dan taklif tushdi. Klub oldiga yuqori maqsadlar qo'yilgani men uchun muhim omil bo'ldi.

- “Xorazm”da bir davra harakat qildingiz, ammo o'yiningiz kutilgan darajada namoyon bo'lmadi. Sababi nimada?

- Hech qanday jiddiy muammo bo'lmadi. Jamoaga yaxshi niyat bilan kelgandim. Maydonga tushgan o'yinlarimda qo'limdan kelgancha harakat qildim. Asosiy maqsad - jamoa natijalariga hissa qo'shish edi.

- “Metallurg”da tajribali futbolchilar ko'p ekani aytilmoqda. Bu holatga munosabatingiz qanday?

- Futbolda har bir o'yinchining o'z vaqti bor. Qachondir baribir faoliyatimizni yakunlaymiz. Hozir esa jamoada yoshlar ham, tajribali futbolchilar ham bor. Biz yoshlarga o'z bilim va tajribamizni o'rgatishimiz, ularni qo'llab-quvvatlashimiz kerak.

- 2015 yil “Lokomotiv”dagi debyut mavsumingizda 12 gol bilan to'purar bo'lgansiz. Bu natijada kimning hissasi katta?

- Albatta, yaxshi eslayman. Gollarimning aksariyatiga Jasur Hasanov assist bergan. Rostini aytsam, o'zim ham bunday natijani kutmaganman. Bu jamoaviy mehnat edi, ammo Jasur akaning hissasi katta bo'lgan.

- Faoliyatingiz davomida kuchli murabbiylar bilan ishlagansiz: Igor Shkvirin, Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov. Ulardan qaysi biri o'sishingizga ko'proq ta’sir ko'rsatgan?

- Superligadagi ilk qadamlarimni Shkvirin qo'l ostida boshlaganman. Abramov esa yulduzlarga boy jamoada -  Kapadze, Hasanov, To'raev kabi tajribali futbolchilar orasida menga ishonch bildirdi. U kishi mening kuchli jihatlarimni ochishimga katta yordam bergan. Ular bilan bir safda o'ynashning o'zi katta maktab bo'lgan.

- Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?

- Eng asosiysi - munosib to'p tepib, jamoaga foyda keltirish. “Metallurg” bilan yuqori natijalarga erishishni istayman. Jamoani kuchlilar safiga qaytarishga bor kuchimizni ishga solamiz.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia