Immobile poker qayd etgan turda “Milan” Gattuzo bilan A seriyadagi ikkinchi g'alabasiga erishdi

6 yanv 2018, 21:00
Italiya A seriyasining 20-turidan o'rin olgan yana 5 ta uchrashuv o'z yakuniga etdi. Bungacha chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Inter” Florenciyada ochko yo'qotgan bo'lsa, “Torino” ikkinchi davrani yirik g'alaba bilan boshlagandi.

28 yil deganda yangi yilni peshqadam sifatida qarshi olgan Neapolning “Napoli” klubi karvonboshilik maqomini yanada mustahkamladi. Shu tariqa “Yuventus” bilan oradagi farq 4 taga etdi. Turin klubi Toshkent vaqti bilan 00:45 da “Kalyari” maydonida saf tortadi va bu farqni kichiklashtirish uchun harakat qiladi. 

Rimning “Lacio” klubi esa Chiro Immobilening pokeri sabab yirik g'alabaga erishdi. Simone Indzagi jamoasi “Spal” maydonida 5 ta gol urib, ochkolar soni bo'yicha hamshahri “Roma”dan ilgarilab ketdi.

Jennaro Gattuzo boshqaruvidagi “Milan” ikkinchi davrani g'alaba bilan boshladi. Milanlik futbolchilar Gattuzo murabbiy bo'lgach, chempionatning 1 ta o'yinida zafar quchgan bo'lsa, yana 2 ta o'yinda mag'lub bo'lgan va shunchasida durang o'ynagandi. Endi esa Gattuzo hisoblardagi muvozanatni tenglashtirib qo'ydi.

Evrokuboklar uchun kurash olib borayotgan “Sampdoriya” yaqqol autsayder hisoblangan “Benevento” maydonida imkoniyatni boy berdi. Debyutant klub bungacha “Milan” bilan durang o'ynagan, “Kevo”ni esa taslim qilgandi. Roberto De Dzerbi jamoasi ketma-ket ikkinchi o'yinda raqiblarini taslim qilayotgani diqqatga sazovor.

Va nihoyat “Sassuolo” Genuyaga safar etib, “Jenoa”ga imkoniyatni boy berdi. Natijada mazkur ikki klub o'rtasida ochkolar farqi qolmadi. 


Manba: championat.asia