Futzal: Milliy terma jamoani taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

Narzulla Saydullayev
21 may 2014, 11:55
Futzal bo'yicha XIII Osiyo chempionatining bronza medallarini qo'lga kiritgan O'zbekiston terma jamoasi a'zolari 20 may kuni O'zbekiston Futzal Uyushmasi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
O'zbekiston Futbol Federatsiyasi majlislar zalida o'tkazilgan taqdirlash marosimida O'FU prezidenti Fazliddin Sirojiddinov, O'FF birinchi vice-prezidenti Sardor Rahmatullaev, O'FU birinchi vice-prezidenti Muxtor Hoshimov, O'FU vice-prezidenti Jahongir Usmonov hamda O'FF Faxriylar Kengashi raisi Narimon Jalolov ishtirok etishdi.

Vetnamning Xo Shi Min shahrida bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O'zbekiston terma jamoasi a'zolariga murojaat qilgan O'FU prezidenti Fazliddin Sirojiddinov  shunday dedi: “Birinchi navbatda, barchangizga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman. Siz Osiyo chempionati kabi nufuzli musobaqada O'zbekiston sharafini munosib himoya qila oldingiz. Umid qilamanki, keyingi Osiyo chempionatida ham siz sovrindorlar qatoridan joy olib, Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritasizlar”.

Futzalni rivojlantirish, hamda futzal bo'yicha milliy terma jamoa obro'sini yanada oshirish maqsadida, O'zbekiston Futzal Uyushmasi bundan buyon terma jamoa a'zolariga oylik maosh to'laydigan bo'ldi.

“Biz, O'zbekiston Futbol Federatsiyasi hamda O'zbekiston Futzal Uyushmasi rahbariyati bilan kelishib olib, sizlarga, yani terma jamoa a'zolariga oylik maoshlarini tasish etishga qaror qildik. Endilikda, milliy terma jamoa a'zolari har oy O'zbekiston Futzal Uyushmasi tomondan oylik maoshlarini oladi, bu esa, terma jamoada o'ynash ishtiyoqini yanada oshiradi”, - deb ta'kidladi Fazliddin Sirojiddinov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com