Futzal. "Metallurg" "Lokomotiv" bilan o'ynadi

Narzulla Saydullayev
20 mar 2018
Yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rayotgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi poytaxtimizdagi “Yoshlik” sport arenasida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o'tkazdi va 3:2 hisobida g'alaba qozondi.

O'yin turli ko'rinishdagi ikkita taymdan iborat bo'ldi. Birinchi bo'lim bekobodliklarning to'liq ustunligi ostida o'tdi. Deyarli shakllanib bo'lgan ikkita to'rtlik Nikolay Odushevning ko'rsatmalarini aniq bajarishdi va metallurgchilar birinchi bo'limda raqiblari darvozasiga javobsiz uchta gol kiritishdi.

Ikkinchi bo'limda esa maydonga ikkinchi darvozabon Nodir Nishonov hamda Timur Sadullaevlar bilan bir qatorda ko'rikda bo'lib turgan yangi nomzodlar tushirildi. Bundan unumli foydalangan  poytaxtliklar ikkita javob golini kiritishdi. O'z navbatida bkuobodliklar posboni yana bir qator vaziyatlarda jamoasini muqarrar goldan saqlab qolganligini etirof etish lozim. Yakuniy natija esa “Metallurg” foydasiga hal bo'ldi – 3:2. Bekobodliklardan gollarni Ixtiyor Ropiev, Sardor Inomjonov hamda Ramil Almamedovlar kiritishdi.

“Metallurg”ning boshlang'ich tarkibi: Ravil Almamedov, Baxtiyor Baratov, Shuhrat Mustafoev, A'zam Saidahmedov, Shahboz Ahmedov, Abubakir Usmon, Aliakabar Bayburin, Ixtiyor Ropiev, Sardor Inomjonov.

Eslatib o'tamiz, futzal bo'yicha yangi mavsum 30 mart sanasidan start oladi. “Metallurg” birinchi turda Farg'onaning “Neftchi” jamoasini qabul qiladi. 22 mart kuni bekobodliklar O'FAdan yakuniy buyurtmadan o'tishadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: “Металлург” матбуот хизмати