Futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi taqdirlandi

Sherzod Nurmatov
30 sen 2021
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida Litvada bo'lib o'tgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O'zbekiston milliy terma jamoasi futzalchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Unda O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov, futzal delegaciyasi rahbari Jahongir Usmonov hamda assotsiatsiya bosh kotibi Avaz Maksumov ishtirok etdi.

Ravshan Ermatov futzalchilarni O'FA prezidenti Abdusalom Azizov nomidan, qolaversa, butun futbol jamoatchiligi nomidan mundialda qayd etilgan tarixiy natija bilan tabrikladi. Ushbu natijaning ortida katta say-harakatlar va jamoaviy mehnat yotganini ta'kidlab o'tdi.

Futzalchilarmiz yil boshidan beri Tailand, Ispaniya va Portugaliyada yig'inlar o'tkazdi, o'z qitasida yetakchi hisoblangan va jahonda o'z o'rniga ega bo'lgan Argentina, Ispaniya, Portugaliya, Eron va Venesuela kabi jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazdi. Terma jamoaning jahon chempionatiga etarlicha tayyorgarlik ko'rishi uchun kerakli barcha sharoitlar taqdim etildi. 

Futzal terma jamoamizning ancha yosh bo'lganligi sababli keyingi musobaqalarda  yanada yuqori natijalar qayd etishlariga ishonch bildirildi. O'z navbatida, jamoa nomidan terma jamoa sardori Rustam Umarov O'FAga e'tibor uchun minnatdorchilik bildirgan holda, assotsiatsiya muzeyiga esdalik sovg'asini topshirdi. Tadbir yakunida futzalchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandilar", – deya xabar berdi O'FA matbuot xizmati.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати