Final oldidan final(cha) - Man.Siti Chelsini yuta oladimi?

8 may kuni APLning 35-turi doirasida Manchester Siti - Chelsi uchrashuvi bo'lib o'tadi. O'yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning finalga qanday yetib kelganligi va o'yinchilar holati haqida so'z olib boramiz.

Klublarning hozirgi holati: Manchester Siti jamoasi 34-turdan so'ng 80 ochko bilan turnir jadvalida peshqadam bo'lib turibdi. Jamoa o'tgan turda Kristal Pelas mehmoni bo'lib, 2:0 hisobida g'alabaga erishdi. Shuningdek, chorshanba oqshomida YCHL doirasida bo'lib o'tgan PSJga qarshi yarim final javob o'yinida 2:0 hisobida g'alabaga erishib, finalga yo'l oldi. 

Chelsi esa 34-turdan keyin 61 ochkoga ega va ayni vaqtda 4-o'rinda joylashgan. O'tgan turda o'z maydonida Fulxemga qarshi o'yin o'tkazib, 2:0 hisobida g'alabaga erishdi. YCHLning yarim finalida Real Madridni o'z maydonida 2:0 hisobida mag'lub etdi va finalga chiqdi. 

Turnir jadvalidagi holat haqida

APLning turnir jadvaliga qarab matematikani ishga solish to'g'ri keladi. Man Sitidan keyingi o'rinda Manchesterning boshqa klubi - Manchester Yunayted joy olgan. Ikki jamoa o'rtasida 13 ochko farq bor. Lekin Manchester Yunayted bir o'yin kam o'tkazgan. Agarda... 

...agarda Manchester Siti keyingi barcha o'yinlarni yutqazib, MYU esa barchasini g'alaba bilan yakunlasa, shaharliklar APL chempionligidan mahrum bo'lishadi. 

Chelsi 4-pog'onada joylashgan. Yaqin taqibchisi Vest Xemdan 3 ochkoga oldinda bo'lsa, 3-o'rindagi Lesterdan 2 ochko orqada. Ammo Lester 35 ta o'yin o'tkazgan. Agarda...

...agarda Chelsi o'yinlarini g'alaba bilan yakunlasa va Lester keyingi 3 turning birida qoqilsa, londonliklar 3-o'ringa ko'tarilib ham olishi mumkin. 

O'zaro o'yinlar: Jamoalar o'zaro umumiy 166 marta kuch sinashishgan bo'lsa, shulardan 59 tasida Manchester Siti, 67 tasida Chelsi g'alaba qozongan. 40 o'yinda esa durang natija qayd etilgan. 

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Mateo Kovachich (Chelsi).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

Manchesterliklar tarkibida Raxim Sterling APL doirasida 28 o'yinda maydonga tushib, 2267 daqiqani maydonda o'tkazgan. 9 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qilib, 6 marta golli uzatmani amalga oshirgan.

Chelsi jamoasi safida ayni vaqtgacha APLda eng ko'p - 33 ta o'yin o'tkazgan futbolchi Meyson Maunt bo'lib turibdi. Futbolchi jami 2621 daqiqa maydonda to'p surib, 6 gol va 5 golli uzatma muallifi bo'lgan.

Muallifning taxmini

Mazkur uchrashuvning zerikarli(roq) bo'lishini taxmin qilaman (ikki jamoa muxlislari, shuningdek, chiroyli o'yin ko'rmoqchi bo'lganlar meni kechirishsin). Natija 2:1 - Manchester Siti foydasiga hal bo'ladi (menimcha). 

Eslatib o'tamiz, Manchester Siti - Chelsi jamoalari YCHL finalida ham o'zaro kuch sinashishadi. Final bahsi esa 29 may kuni Istanbul shahrida bo'lib o'tadi. O'yin Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.

Og'abek Samisov


Manba: championat.asia